Shavkat Mirziyoyev 17-noyabr kuni paxtachilikda samaradorlikni ilg‘or tajriba va texnologiyalar asosida oshirish, qishloq xo‘jaligini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qishloq xo‘jaligining iqtisodiyotdagi ulushi 20% ni tashkil etmoqda, unda yiliga 467 trln so‘mlik mahsulot yaratilmoqda, 3,5 mln kishi mehnat qilmoqda. Shu bilan birga, meva-sabzavot, yangi va qayta ishlangan agrar mahsulotlar umumiy eksportning uchdan bir qismini ta’minlamoqda.
Taqdimotda paxtachilikda hosildorlikni oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. Buning uchun past hosil olayotgan fermerlar bilan manzilli ishlash, ilg‘or agrotexnologiyalar va oziqlantirish amaliyotlarini to‘g‘ri joriy etish, agronom tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish choralari belgilab olindi.
Jumladan, paxtachilikda ustoz-shogird an’analarini yo‘lga qo‘yish orqali hosildorlikni 60 sentnerdan oshirgan ilg‘or fermerlarni 30 sentnerdan kam hosil olgan fermerlarga biriktirish taklif qilindi.
Ilg‘or fermerlar Qishloq xo‘jaligi malaka oshirish institutida qayta tayyorlanib, ularga sertifikat beriladi. Past hosil olgan fermerlarda hosildorlik kamida 50 sentnerdan oshsa, ularga biriktirilgan ilg‘or fermerlarga 5 mln so‘mdan mukofot puli beriladi.
Agronomlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish maqsadida Toshkent davlat agrar universiteti va sohada agronomlarni tayyorlaydigan boshqa oliygohlar bitiruvchilari uchun ikki yillik “dual ta’lim” mexanizmi joriy etiladi. Ilg‘or klaster va fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tagan talabalarga stipendiya, ularni o‘qitgan mutaxassislarga esa rag‘bat puli to‘lanadi.
Spot, avvalroq, AQSh O‘zbekistonga paxta va soya yetkazib berishi haqida yozgandi.
