Yevropa Ittifoqi 23-oktabr kuni qabul qilingan 19-sanksiyalar paketiga o‘zbekistonlik tadbirkor Rustam Mo‘minovni ham kiritdi. Bunga Gazeta nashri e’tibor qaratdi.
E’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, Mo‘minov O‘zbekiston, Rossiya va Buyuk Britaniya fuqaroligiga ega ekan.
Yevropa Ittifoqi hujjatida qayd etilishicha, 1965-yilda tug‘ilgan Mo‘minov Rossiya harbiy-sanoat majmuasini qo‘llab-quvvatlash bilan aloqador bo‘lgan.
Bryusselning baholashicha, u Farg‘onadagi Farg‘ona Kimyo Zavodi paxta sellyulozasi zavodini nazorat qiladi. Uning mahsulotlari Perm va Qozon porox zavodlariga yetkazib berilishi aytilmoqda. Bu materiallar Rossiya qurolli kuchlari uchun qurol ishlab chiqarishda ishlatilgan bo‘lishi mumkin.
Farg‘ona kimyo zavodi va Raw Materials Cellulose Vajniye istorii, Vlast.Kz nashrlari va OCCRP konsernining qo‘shma tekshiruvida, shuningdek, BBC rus xizmatining tekshiruvida ishtirok etgan.
Materiallarda aytilishicha, bu ikki korxona Rossiya porox zavodlariga paxta sellyulozasini ham to‘g‘ridan to‘g‘ri, ham xususiy vositachilar orqali yetkazib beradi.
Jurnalistlarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yilda Rossiyaning Ukrainaga keng ko‘lamli bosqini boshlanganidan beri ushbu yetkazib berish hajmi bir necha barobar oshgan.
May oyida Ukraina O‘zbekistonga tegishli uchta yuridik va bitta jismoniy shaxsga nisbatan sanksiyalar joriy etdi.
Ular orasida O‘zbekistonning uchta kompaniyasi: Mercury Renaissance, uning sho‘ba korxonasi bo‘lgan Farg‘ona Kimyo Zavodi hamda Raw Materials Cellulose mavjud.
Shuningdek, bir vaqtning o‘zida O‘zbekiston va Rossiya fuqaroligiga ega ekanligi ta’kidlanayotgan Rustam Mo‘minovga nisbatan shaxsiy sanksiyalar joriy etildi.
23-oktabr kuni Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 19-paketini qabul qildi. Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston banklari yangi cheklovlar ostida qoldi.
Rossiya banklari orasida Alfa-bank, MTC bank, Absolyut bank, Zemsky bank va Istina nobank kredit tashkiloti ro‘yxatga kiritilgan. Ushbu banklar bilan operatsiyalarni amalga oshirishga taqiq 12-noyabrdan joriy etiladi.
Yevropa Ittifoqi, shuningdek, Rossiya banklarining chet eldagi filiallariga qarshi sanksiyalar joriy etdi. Belarusda 2-dekabrdan boshlab VTB, Sber va Alfa-Bank cheklovlar ostiga tushadi, Qozog‘istonda esa faqat VTB cheklovlarga duchor bo‘ladi.
Avvalroq Donald Tramp Rossiya bilan hamkorlik qilayotgan davlatlarga sanksiya qo‘llanishi mumkinligi aytgandi.
Tramp Rossiya bilan savdo-sotiq qilayotgan har qanday davlatga nisbatan jazo choralarini joriy etuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilayotganini ma’lum qildi.
