Raqobat qo‘mitasi mobil aloqa operatorlari tomonidan xizmatlar narxining oshirilishi yuzasidan o‘rganishlar boshlanganini ma‘lum qildi.

Qo‘mita noyabr oyi boshida operatorlarga narx oshirilishining asoslarini aniqlash bo‘yicha rasmiy so‘rovlar yuborgan.

Hozirga qadar operatorlar xizmat sifati va qamrovni kengaytirishga yo‘naltirilgan xarajatlar narxlarga qanday ta‘sir qilgani haqida ma‘lumot ko‘rib chiqilmoqda.

Qo‘mita raqobatga zid yoki kelishilgan harakatlar belgilari aniqlansa, amaldagi qonunchilik asosida tekshiruv o‘tkazilishini va ular tasdiqlansa, qat‘iy choralar ko‘rilishini bildirdi.

Joriy yilning may oyida Ucell uyali aloqa operatorining ommaviy ofertasi qonunchilik talablariga muvofiqlashtirilgandi. Mobiuz Raqobat qo‘mitasi ko‘rsatmasi bilan tarifni o‘zgartirish bilan bog‘liq cheklovni olib tashladi.

Iyun oyida Raqobat qo‘mitasi Beeline‘ga tarif shartlarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Keyinroq Beeline bu ko‘rsatmani bajarib, foydalanuvchilar kunlik abonent to‘lovi yechish xizmatini o‘zlari boshqara olishi mumkin bo‘ldi.

Sentabr oyi avvalida senator Qutbiddin Burxonov aloqa operatorlari abonentlar mablag‘ini ularning roziligisiz yechib olayotganini tanqid qilgandi. Foydalanuvchilarga kontent provayderlari tomonidan taqdim etilayotgan xizmatlarni tartibga soluvchi hujjat mavjud emas. Natijada bunday xizmatlarni bekor qilish qiyin bo‘lib qolmoqda.


Avvalroq Navoiyda 4,8 mlrd so‘mlik yog‘-moy mahsuloti birjadan tashqarida sotilgani aniqlangandi.