OTB O‘zbekiston maktablarida STEM sohasidagi loyihalar uchun mablag‘ ajratadi. Bu haqda Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
17-noyabr kuni bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xodjayev Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masato Kanda bilan uchrashdi. Unda ISSV vazirining o‘rinbosari Akram Aliev ham ishtirok etdi.
2026-yil may oyida Samarqandda o‘tadigan OTB Boshqaruvchilar kengashining 59-yillik yig‘ilishiga tayyorgarlik muhokama qilindi. Jarayonini muvofiqlashtirish uchun qo‘shma yo‘l xaritasini tasdiqlash taklif etildi.


Tomonlar maktablarda STEM-ta‘limni modernizatsiya qilishga qaratilgan O‘rta ta‘limda STEM loyihasi uchun $100 mlnlik kredit kelishuvini imzoladi.
Shuningdek, moliyalashtirish mexanizmlarini kengaytirish, iqtisodiy zonalar infratuzilmasini rivojlantirish, ayollar va yoshlar bandligini qo‘llab-quvvatlash, eksportga yo‘naltirilgan korxonalarni rag‘batlantirish kabi o‘rta muddatli tashabbuslar ko‘rib chiqildi. 2026−2030-yillar uchun yangi Hamkorlik dasturi bo‘yicha fikr almashildi.
2021-yili Osiyo taraqqiyot banki O‘zbekistonda STEAM ta’limni rivojlantirishga $100 mln ajratgandi.
Joriy yilning sentabr oyida prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Yangi O‘zbekiston universiteti va Mirzo Ulug‘bek nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab tajribasi asosida muhandislik taʼlim dasturi joriy qilinishi aytilgandi. O‘quv jarayoni 5 yillik dastur asosida STEM modeli bo‘yicha tashkil etilishi taʼkidlangan edi.
Spot, avvalroq, OTB O‘zbekistonga mikromoliyalashtirishni rivojlantirish uchun $300 mln ajratgani haqida yozgandi.


