Avvalroq Spot Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov poytaxt bozorlarida xizmatlar uchun to‘lovlarning yangi miqdorlarini tasdiqlagani haqida yozgandi. Endilikda savdo majmualari va bozorlarda tijoriy suratga olish va videotasvirga olish pullik bo‘ladi — soatiga 5 mln so‘m.

Shahar hokimligi matbuot xizmati suratga olishning yangi tartibi haqida tushuntirish berdi. Hokimiyat ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “xaridorlar uchun foto yoki video tushirganlik uchun jarima joriy etilgani” va “mablag‘lar qayergadir ketayotgani” to‘g‘risidagi ma’lumotlarni rad etdi.

Qayd etilishicha, yangi qoidalar oddiy tashrif buyuruvchilarga tegishli emas. Xaridlarni telefonga suratga olish, oila bilan rasmga tushish, shaxsiy blog yoki storislar yuritish — bepul va ruxsat etilgan.

Shuningdek, sayyohlar, maktab o‘quvchilari, talabalar, rasmiy OAV jurnalistlariga hech qanday cheklovlar qo‘llanilmaydi.

Qoidalar faqat tijorat maqsadidagi suratga olishga, ya’ni pul ishlab, daromad olish uchun mo‘ljallangan videotasvirlarni olishga taalluqli.

To‘lov faqat kontentdan daromad oladigan professionallarga tegishli hisoblanib, quyidagilarga taalluqli:

  • muntazam ravishda reklama, integratsiya va “prosmotr"lardan pul topadigan yirik blogerlar va inflyuenserlar;
  • kliplar, reklama roliklari, hujjatli loyihalar, seriallar yoki filmlar suratga oladigan tijorat studiyalari va media ishlab chiqarish guruhlari;
  • o‘z tovarlari va xizmatlarini targ‘ib qilish uchun bozor hududidan foydalanadigan kompaniyalar.

Hokimlik bu — keng tarqalgan xalqaro amaliyot ekanlgini, dunyoning barcha yirik shaharlarida — Istanbuldan tortib Parijgacha — tijorat maqsadidagi suratga olish uchun pul to‘lanishini qayd etdi.

Chunki bunday jarayon hududni egallaydi, odamlarning harakatlanishiga xalaqit beradi, sotuvchi va xaridorlarga noqulaylik tug‘diradi, qo‘shimcha nazorat, kuzatuv va xavfsizlikni ta’minlashni talab qiladi.

Tijorat maqsadidagi suratga olish uchun to‘lovlar rasmiy, shaffof tarzda yig‘iladi va infratuzilmani rivojlantirishga yo‘naltiriladi.

Mablag‘lar hududlarni obodonlashtirish, sanitariya va xavfsizlikni ta’minlash, piyodalar yo‘laklari va o‘tish joylarini yaxshilash, kuzatuv va yoritish tizimlariga xizmat ko‘rsatish uchun sarflanadi.

Bu yerda hech qanday “shaxsiy manfaatlar” yoki “cho‘ntak sxemalari” yo‘q va bo‘lishi ham mumkin emas deya ta’kidlanadi hokimlik xabarida.

Spot so‘roviga ko‘ra, hokimlik tomonidan aniqlik kiritishicha, hozirda to‘lov faqat ikkita bozorda — Eski Juva (Chorsu) va Mirobod bozorlarida joriy etilmoqda.

Shu bilan birga, qo‘shimcha qilishicha, agar natija ijobiy bo‘lsa, bu amaliyot boshqa bozorlarda ham joriy etilishi mumkin.


Avvalroq Spot Mirobod bozorini rekonstruksiya qilish boshlangani haqida yozgandi.