Yengil sanoat korxonalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan tadbirkorlarga moliyaviy yordam bir qator xarajatlarni to‘lab berish uchun ko‘rsatiladi.
Jumladan, xalqaro brendlarni jalb qilish xarajatlarini qoplab berish yo‘nalishida, ularning egalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, shuningdek, bu yo‘nalishdagi sorsing kompaniyasi xizmati xarajatlari qoplanadi.
Shu bilan birga, transport (ekonom klass uchun), O‘zbekiston hududida mehmonxona va tarjimonlik xizmati xarajatlari to‘lab beriladi.
Bundan tashqari, mutaxassislarni o‘qitish xarajatlarini qoplab berish yo‘nalishida o‘quv-treninglarida qatnashish, transport va mehmonxona xarajati qoplanadi.
Moliyaviy yordam olish uchun ariza va belgilangan hujjatlar ariza qabul qilingan kundan boshlab 7 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Agentlik 1 ish kuni davomida qabul qilingan qaror to‘g‘risida tadbirkorlarga xabarnoma yuboradi.
Sentabr oyida prezident farmoni bilan Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi tashkil etilgandi. Agentlik to‘qimachilik, charm-poyabzal, ipakchilik va gilamchilik sanoati sohalarida ustuvor yo‘nalishlarni ishlab chiqish va amalga oshirish bilan shug‘ullanishi belgilangandi.
Avvalroq Spot hududlarda sanoat qanday rivojlantirilishi haqida yozgandi.
