Avvalroq prezident raisligida kambag‘allikni qisqartirish hamda aholi bandligini ta‘minlash borasidagi ishlar sarhisobi va kelgusi yil uchun ustuvor vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilayotgani haqida xabar berilgandi.

Davlat rahbari kelgusi yil uchun vazifalarni belgilab berar ekan, servis loyihalarini ko‘paytirib, aholi bandligini ta‘minlash lozimligi aytildi.

Mamlakatda eng yuqori o‘sish sur‘atini ta‘minlayotgan soha xizmatlar sohasi ekani ta‘kidlandi. Lekin viloyat, tuman hokimlari xizmatlar sohasiga katta sur‘at berayotgan turizmni rivojlantirish orqali ish o‘rinlarini yaratish va aholi daromadini ko‘paytirish imkoniyatlarini to‘liq ishga solmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Turizm salohiyati yuqori 150 ta mahallaning infratuzilmasi yaxshilansa, xizmatlar hajmini 10 trln so‘mga yetkazish, 45 ming nafar odamni savdo va servisda band qilish mumkin. Shu bois, kelasi yilda 150 ta mahallaning har biriga infratuzilma uchun 3−5 mlrd so‘mdan beriladi.

Viloyat, tuman hokimlari, Turizm qo‘mitasiga yil yakunigacha barcha mahallalar uchun master reja qilish, yer auksionlari va loyihalarni tadbirkorlarga e‘lon qilib, qurilish ishlarini boshlash topshirildi. Tuman banklari bu joylarda mehmon uylari barpo etish uchun 150 mln so‘mgacha imtiyozli kredit ajratishni yo‘lga qo‘yadi.

Chegara va anklav hududlardagi 563 ta mahallaga tuman hokimlari yetarli e‘tibor qaratmayotgani qayd etildi. U yerlarga olib boruvchi yo‘llar ta‘mirlanib, mehmon uylari, dam olish maskani, savdo-servis obyektlari tashkil qilinsa, 50 ming xonadonning daromadi ko‘payadi.

Masalan, So‘x daryosining Sarikanda, Rovon, Istiqlol mahallalari hududidan o‘tgan 5 kilometr qismida kurort zona va ko‘ngilochar maskan tashkil qilinsa, yiliga 30 ming sayyoh keladi. Buning hisobiga 200 ta oilaning daromadi oshadi.

Agar har bir hokim 563 ta mahallada ishni shu tartibda yo‘lga qo‘yib, kamida 100 ming odamni band qilsa, 25 ming oilani kambag‘allikdan chiqarish mumkinligi qayd etildi.

2026-yilda bu mahallalardagi aholi turmushida vaziyat keskin o‘zgarishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi. Ushbu mahallalarda dam olish va servis obyektlarini qurish loyihalari uchun 1 trln so‘m resurs ajratish topshirildi.

Sohil va yo‘l bo‘yida servisni rivojlantirish bo‘yicha 500 ta mahalla tanlab olingan. Viloyat hokimlariga yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish, ariq va zovurlarni yopiq tizimga o‘tkazib, kanal qirg‘oqlari va yo‘l chetini tekislab, tadbirkorlik loyihalari uchun sharoit yaratish topshirildi.

Tuman banklari bu joylarda kamida 5 ta doimiy ish o‘rni yaratadigan loyihalarga 1 mlrd so‘mgacha kredit berishni yo‘lga qo‘yadi. Kelasi yilda bu loyihalar hisobiga 50 ming odamni doimiy daromadli qilish muhim ekani qayd etildi.

Aholining daromadi oshishi bilan ovqatlanish, turizm, savdo xizmatlariga talab ko‘payib, shu yilning o‘zida 255 ta tun-u kun ishlaydigan ko‘cha ishga tushdi. Ularda 11 ming xizmat ko‘rsatish obyektlari ish boshladi, 27 mingga yaqin aholining bandligi ta‘minlandi.

Hokimlar kelgusi yilda bunga qo‘shimcha 1 mingta mahallani bog‘laydigan yana 200 ta ko‘chani tashkil qilish tashabbusi bilan chiqqan. Bir oyda aniq “yo‘l xaritasi"ni tuzib, ishni boshlab yuborgan hokimlarga har bir ko‘cha uchun 4 mlrd so‘mgacha mablag‘ ajratilishi belgilandi. Buni hisobidan 25 ming yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Spot, avvalroq, kelasi yil mahallalar infratuzilmasi uchun viloyatlarga 20 trln so‘m yo‘naltirilishi haqida yozgandi.