Prezident davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha farmoyishni imzoladi. Hujjat Lex.uz‘da eʼlon qilindi.

Farmoyishni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsad — 2026-yilda davlat ulushi 50% va undan yuqori bo‘lgan korxonalarda mahsulot tannarxini kamaytirish va faoliyati samaradorligini oshirish.

Hujjatga ko‘ra, davlat korxonalarida mahsulot tannarxini kamaytirish va mehnat unumdorligini oshirishning asosiy yo‘nalishlari belgilandi.

Unga muvofiq, xarajatlarni har chorakda qayta tahlil qilish (spending review) orqali kelgusi davrdagi har bir yo‘nalish ustuvorligidan kelib chiqib, byudjet to‘liq “noldan” qayta ko‘rib chiqiladi.

Tejamkor ishlab chiqarish va meʼyorlash tamoyillari joriy etiladi. Shuningdek, davlat korxonalarida tannarxni kamaytirish va samaradorlikni oshirish masalalarini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika komissiyasi tuziladi.

Komissiyaning asosiy vazifalari etib davlat korxonalariga xarajatlarni maqbullashtirish va samaradorlikni oshirish bo‘yicha dasturlar tayyorlashda metodologik yordam berish belgilandi.

Shu bilan birga, komissiya to‘lov tizimini takomillashtirish orqali debitor va kreditor qarzdorliklarni kamaytirish bilan shug‘ullanadi.

Farmoyishga ko‘ra, davlat korxonalari boshqaruv xodimlari sonini 10% gacha qisqartirish bo‘yicha Prezident administratsiyasiga taklif kiritish belgilandi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Milliy investitsiya jamg‘armasi hamda Davaktiv 2025-yil 1-dekabrgacha 2026-yil uchun tegishli korxonalar rahbarlari faoliyatining eng muhim samaradorlik ko‘rsatkichlarini ishlab chiqadi. Ular tasdiqlash uchun aksiyadorlarning umumiy yig‘ilishiga kiritiladi.

Spot, avvalroq, O‘zbekiston davlat banklarini xususiylashtirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqqani haqida yozgandi.