20-noyabr kuni O‘zbekistonda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan uy-joy sohasini muvozanatli rivojlantirishni ta’minlash, 2040-yilgacha har yili qurilayotgan uy-joylar sonini ikki baravarga oshirib, 421 mingtaga yetkazish, ipoteka krediti portfelini 10 baravardan ortiqqa — $56,7 mlrdga yetkazish belgilanmoqda.

Sohani rivojlantirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlari sifatida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash va Yangi O‘zbekiston massivlarini barpo etishni davom ettirib, uy-joy fondida zamonaviy uy-joylar ulushini 2040-yilgacha 50% ga yetkazish belgilandi.

Shu bilan birga, uy-joy bozoriga bank moliyasi va institutsional investorlar mablag‘larini, shu jumladan, ipoteka kreditidan foydalangan holda jalb etish, ulushli qurilishga sarmoya kiritayotgan jismoniy shaxslarning huquqlarini himoya qilish va Uy-joyning yagona hayotiy sikli tamoyili asosida kompleks isloh qilish ko‘zda tutilgan.

O‘zbekistonda 2040-yilgacha bo‘lgan davrda uy-joy va ipoteka bozorini barqaror rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlari, maqsadli ko‘rsatkich hamda kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqiladi.

Qurib bitkazilmagan uy-joylar hamda sanoat hududlarini birinchi navbatda qurilishga jalb etish tartibi joriy etiladi. Qurilish ekologik toza mahsulotlar hamda energiya tejovchi texnologiyalar orqali uy-joy massivlarining muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmasini oldindan barpo etishni nazarda tutadigan kompleks qurilish tamoyili asosida tashkil etiladi.

Kompleks qurilish tamoyili doirasida quyidagilar ta’minlanadi:

  • kompleks qurilish dasturlarini faqat ochiq va batafsil ishlab chiqilgan rejalar asosida tayyorlash;
  • ajratilgan yer uchastkalarini xususiylashtirish dasturlariga kiritish yoki boshqa loyihalarga jalb etish hamda ularning maqsadli yo‘nalishini o‘zgartirishga yo‘l qo‘ymaslik;
  • kompleks qurilish loyihalariga kiritiladigan yer uchastkalari, ko‘chmas mulk obyektlari va ularning huquq egalari to‘g‘risida to‘liq ma’lumotlarni taqdim etish;
  • loyihalarni amalga oshirishda hududlarning kelgusidagi ijtimoiy ehtiyojlarini inobatga oluvchi kompleks yondashuvdan foydalanish;
  • ko‘chmas mulk obekti egasining u joylashgan yer uchastkasiga ijara yoki mulk huquqida egalik qilish bo‘yicha mutlaq huquqini kafolatlash.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etiladi. U urbanizatsiya, uy-joy qurilishi, renovatsiya va ipoteka sohasida davlat siyosatini amalga oshirib, dasturlarni muvofiqlashtirish va rivojlantirish bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.

Qo‘mita o‘z faoliyatini hukumat bilan uzviy hamkorlikda tashkil etadi va amalga oshiradi. Milliy qo‘mita faoliyatining ustuvor yo‘nalishlari sifatida samarali va barqaror uy-joy siyosatini ishlab chiqish, renovatsiya dasturlarini samarali amalga oshirish hamda Yangi O‘zbekiston massivlarini qurishni muvofiqlashtirish belgilangan.

Sherzod Kudbiyev Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish qo‘mitasi raisi etib tayinlandi. Shu bois u Soliq qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi. Uning o‘rniga Kadastr agentligi direktori Farrux Pulatov tayinlandi.