Sherzod Kudbiyev Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Kudbiyev shu munosabat bilan Soliq qo‘mitasi raisi lavozimidan ozod etildi.

Uning o‘rniga Farrux Pulatov rais etib tayinlandi. U mazkur tayinlovga qadar Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Kadastr agentligi direktori lavozimi ishlab kelayotgandi.

Prezidentning 19-noyabrdagi farmoni bilan Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi tashkil etildi.

Sherzod Kudbiyev 2003-yilda Farg‘ona politexnika institutini tugatgan. U 2018−2019-yillarda mehnat vaziri, 2019−2020-yillarda prezidentning davlat xizmati va hokimiyat vakillik organlari bilan hamkorlik qilish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan.

Kudbiyev 2020-yildan 2022-yil dekabrgacha davlat soliq qo‘mitasi raisi lavozimida ishlagan. 2022-yilning dekabridan iqtisodiyot va moliya vaziri lavozimiga tayinlangandi. 2023-yilning yozida esa Sherzod Kudbiyev yana soliq qo‘mitasi raisi bo‘ldi.

Farrux Pulatov (1979-yilda tug‘ilgan) Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti (hozirgi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti) Farg‘ona boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan. Shuningdek, Farg‘ona va Namangan viloyatlari prokuratura organlarida turli lavozimlarda ishlagan.

U 2018-yil yozidan 2022-yil martigacha “O‘zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi boshqaruvi raisi sifatida faoliyat yuritgan. 2022-yil bahorida Kadastr agentligiga direktor etib tayinlangandi.