Avvalroq prezidentning Turizm qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish va turizm sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi.
Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-fevraldan chet el fuqarolari Oʼzbekistondan chiqib ketishda avval xarid qilgan tovarlar uchun to‘lagan QQS summasini qaytarish naqd pulda amalga oshirilishi mumkin.
2026-yil 1-martdan Turizmni qoʼllab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan turistik startaplarni amaliyotga joriy etish bilan bogʼliq xarajatlarning 50% iga subsidiyalar ajratiladi.
Bunda mablag‘ miqdori 1 mlrd soʼmdan koʼp boʼlmasligi kerak. Subsidiya har yili eng yaxshi 10 tagacha loyihalarga beriladi.
Mehmonxonalarning hukumat tomonidan tasdiqlanadigan ro‘yxatda nazarda tutilgan xalqaro eʼtirof etilgan yashil sertifikatlarni olish bilan bog‘liq xarajatlarining 50% i qoplab beriladi.
2026-yil 1-apreldan boshlab, kamida 100 nafar chet ellik turistni jalb etgan xalqaro konferensiya va tadbirlarni tashkil qiluvchi tadbirkorlarga yangi tartib joriy etiladi.
Unga ko‘ra, ular tadbirlarni tashkil qilish jarayonida to‘lagan QQS summasining 50% i qaytarib beriladi.
Spot, avvalroq, 2030-yilgacha xorijiy turistlar oqimini 20 mln nafargacha yetkazish, turizm xizmatlari eksportini esa $6 mlrddan oshirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
