Prezident Butunjahon turizm tashkiloti shafeligida Xalqaro turizm akademiyasi Samarqand kampusi faoliyatini tashkil etish bo‘yicha qarorni imzoladi.

Hujjat bilan, akademiya faoliyatining maqsadli ko‘rsatkichlari belgilandi. Jumladan, dunyoning eng nufuzli top-10 reytingiga kirgan taʼlim tashkiloti bilan hamkorlik o‘rnatiladi va mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

1 oygacha bo‘lgan malaka oshirish hamda 8 oygacha bo‘lgan qayta tayyorlash o‘quv kurslari tashkil qilinadi.

Akademiya “Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti tuzilmasiga kiradi. Akademiyada o‘qitish O‘zbekistonda amaldagi taʼlim shakllarida o‘zbek, rus va ingliz tillarida amalga oshiriladi.

2025-yil 1-dekabrdan turizm sohasi subyektlari mutaxassislari shartnoma asosida qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.

Har yili Butunjahon turizm tashkilotiga aʼzo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassislariga akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida taʼlim olish uchun maxsus grant ajratiladi.


Spot, avvalroq, milliy turizm yagona platformasida nimalar bo‘lishi haqida yozgandi.