Avvalroq prezident intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta‘lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishgani haqida xabar berilgandi.

Yig‘ilishda milliy geografik ko‘rsatkichlar tizimini mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Yetmishga yaqin geografik ko‘rsatkichni ro‘yxatdan o‘tkazish, Lissabon tizimiga a‘zo bo‘lish orqali milliy mahsulotlar qiymatini va eksport salohiyatini oshirish muhimligi ta‘kidlandi.

Bugungi kunda mamlakat arxivlarida 16 mlnta hujjat to‘plami, shu jumladan, 1,3 mlnta alohida qimmatli va noyob hujjatlar saqlanayotgani qayd etildi. Buxoro amiri qushbegisi mahkamasi va Xiva xonligi devonxonasi hujjatlari UNESCOning Jahon xotirasi ro‘yxatiga kiritilgan.

2030-yilgacha arxiv fondining raqamlashuv darajasini 60% ga yetkazish, alohida qimmatli va noyob hujjatlarni to‘liq raqamlashtirish zarurligi qayd etildi. Hozirda hujjatlarni raqamlashtirish yiliga atigi 2% ni tashkil qilmoqda.

Buning uchun sohadagi axborot tizimlarini Yagona milliy arxiv axborot tizimiga birlashtirish, hujjatlarni radiochastotali identifikatsiya (RFID) texnologiyasi orqali hisobga olish va onlayn kuzatish tizimini joriy etish rejalashtirilgan.

Bunda hujjatlarni tasniflash va tanish jarayoniga sun‘iy intellekt texnologiyalari joriy qilinadi. Tuman (shahar) arxivlarining vazifalari hududiy arxiv boshqarmalariga o‘tkaziladi.

“Shajara” axborot tizimini yo‘lga qo‘yish taklifi bildirildi. Yangi xizmat foydalanuvchilarga o‘z shajarasini yaratish, tug‘ilish, nikoh va o‘lim haqidagi ma‘lumotlarni, genetik ma‘lumotlar asosida uzoq qarindoshlarini izlash imkonini yaratadi.

Yuridik ta‘lim va fanni yana-da isloh qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Toshkent davlat yuridik universitetida klinik va dual ta‘limni joriy qilish rejalashtirilgan.

Talabalarning amaliyot darslari ulushi 50% ga yetkaziladi, fuqarolik, jinoyat va biznes huquqi yo‘nalishlarida yuridik klinikalar tashkil etiladi. “Raqamli huquq” va “Korporativ huquq va boshqaruv” kabi yangi ta‘lim yo‘nalishlari ochiladi.

Shu bilan birga, ta‘lim — tadqiqot — amaliyot zanjiri asosida fakultetlarning tashkiliy tuzilmasini yangilash va kafedralarni bosqichma-bosqich shu‘balarga aylantirish, universitetning professorlar kengashini tashkil etish taklif etildi.

Taqdimotda qonunchilikdagi bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirishga e‘tibor qaratildi.

Ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin me‘yoriy hujjatni bekor qilish, 77 ta hujjatni qayta ko‘rib chiqish, tadbirkorlar uchun 15 dan ziyod ortiqcha talablarni qisqartirish orqali biznes yuritish sharoitlarini yengillashtirish rejalashtirilgan.

Qonunlar samaradorligini baholash orqali kollizion norma va huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etib boriladi.

Prezident taqdim etilgan yangilanishlarni tizimli joriy etib, muhokama qilingan sohalarda samaradorlikni, aholi va tadbirkorlar uchun qulayliklarni yana-da oshirish zarurligini ta‘kidladi.


Spot, avvalroq, intellektual mulk sohasida 10 ga yaqin kompozit va proaktiv xizmatlar joriy etilishi haqida yozgandi.