“Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish samaradorligi oshiriladi. Bu haqda prezidentning tegishli farmoni qabul qilindi.

Farmonning asosiy maqsadi sifatida 16 ming nafar Yoshlar daftariga kiritilgan yoshlarning doimiy daromad manbaiga ega bo‘lishiga ko‘maklashish belgilandi. “Mutolaa” loyihasi doirasida ilmiy-ommabop, badiiy kitoblarni muntazam o‘quvchi yoshlar ulushi 10% ga, “Ibrat farzandlari” doirasida xorijiy tillarni o‘zlashtirgan yoshlar ulushi esa 30% ga oshiriladi.

2026-yil 1-fevraldan belgilangan ijtimoiy yordam turlari Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga ijtimoiy shartnoma orqali bir qator shartlar asosida taqdim etiladi.

Bunda quyidagilar inobatga olinadi:

  • taʼlim olishni uzluksiz ravishda amalga oshirish;
  • ijobiy o‘zlashtirishga erishish;
  • volontyorlik faoliyati;
  • “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi loyihalarda qatnashish.

Agar ijtimoiy shartnoma shartlari bajarilmasa, bosqichma-bosqich choralar qo‘llanadi.

Xususan, shartlarni 15 kun ichida bajarish to‘g‘risida ogohlantirilib, ijtimoiy yordam miqdorlari 15% dan 30% gacha kamaytiriladi. Yordam ko‘rsatish 1 oydan 6 oygacha, hatto 1 yil va undan ortiq muddatga to‘xtatiladi.

Shartnoma shartlarini muntazam ravishda kamida 6 oy davomida yuqori darajada bajargan yoshlarga imtiyozli ravishda navbatdan tashqari ijtimoiy yordam ko‘rsatiladi.

Eng yaxshi 1000 nafar yoshlar har yili bir marta BHMning 3 baravari (1,23 mln so‘m) miqdorida pul mukofoti bilan taqdirlanadi. Yoshlarning tashabbuskorligi va faolligini rag‘batlantirishga qaratilgan mukofotlarga tavsiya etiladi.

Sentabr oyida Yoshlar daftari va Yoshlar portali platformalari negizida yagona elektron platforma yaratilishi belgilangandi.


Spot, avvalroq, 2026-yili O‘zbekistonda kamida 250 mingta xodim faoliyati legallashtirilishi haqida yozgandi.