Shavkat Mirziyoyev 21-noyabr kuni intellektual mulk, arxiv ishi va yuridik ta‘lim sohalarini isloh qilishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Keyingi yillarda intellektual mulk sohasida 51 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinib, O‘zbekiston 8 ta xalqaro shartnomaga qo‘shildi. Intellektual mulk himoyasiga oid huquqbuzarliklar uchun ma‘muriy jazo qat‘iylashtirildi, jinoiy javobgarlik belgilandi. Bojxonada “ex officio” tartibi kiritilib, kontrafakt tovarlarni yo‘q qilish tartibi joriy etildi.

Intellektual mulk obyektlarining soni 102 mingtadan oshdi, Samarqand noni, Chust pichoqlari, Marg‘ilon adrasi kabi 23 ta geografik ko‘rsatkich ro‘yxatdan o‘tkazildi. O‘zbekiston Global innovatsiyalar indeksida 14 pog‘ona yuqorilab, 79-o‘ringa ko‘tarildi. Taqdimotda sohani rivojlantirish rejalari ko‘rib chiqildi.

Butunjahon intellektual mulk tashkiloti bilan hamkorlikda Intellektual mulk sohasini rivojlantirish milliy strategiyasini ishlab chiqish ko‘zda tutilgan.

Rejaga ko‘ra, patent va guvohnomalarga o‘zgartirish kiritish jarayonlari soddalashtiriladi, 5 ta kompozit va 4 ta proaktiv xizmat ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.

Shuningdek, intellektual mulkdan foydalanish holati Tadbirkorlik subyektlarining barqarorlik reytingida inobatga olinadigan tartib joriy qilinadi.

Barcha oliy ta‘lim va ilmiy-tadqiqot muassasalarida patentlash, ishlab chiqarishga kiritish hamda tijoratlashtirishga ko‘maklashish markazlarini ochish ko‘zda tutilgan. Dastlab O‘zbekiston milliy universitetida, keyinchalik yana 4 ta oliygohda “Intellektual mulk obyektlari menejmenti” yo‘nalishi tashkil etiladi.

Ijodkorlar va mutaxassislarni rag‘batlantirish maqsadida har yili 5 ta nominatsiya bo‘yicha “Eng yaxshi intellektual mulk obyektlari” tanlovini o‘tkazish taklif qilindi. “Intellektual mulk sohasini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun” maxsus ko‘krak nishoni ta‘sis etilib, 26-aprel — Butunjahon intellektual mulk kunida topshirib borilishi belgilandi.


Spot, avvalroq, O‘zbekistonda soxta Puma sotuvchisiga 41,2 mln so‘m jarima solingani haqida yozgandi.