Avvalroq prezidentning “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish tizimini yana-da takomillashtirish to‘g‘risidagi farmoni qabul qilingani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, 2026-yil 1-fevraldan Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yoshlarga imtiyozlar beriladi.

Jumladan, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmat uchun subsidiya ajratish tartibi bekor qilinib, reyestrdagi yoshlar uni bepul o‘tashlari mumkin bo‘ladi.

Yoshlar daftari jamg‘armalari orqali avtomaktablar xarajatlarini qoplash bo‘yicha subsidiya haydovchilik guvohnomasining A, B, D va DE toifalarini olish uchun to‘lab beriladi.

Kasbiy va oliy taʼlim tashkilotlari o‘quvchi-talabalarining kontrakt summasi 50% gacha qismi tuzilgan ijtimoiy shartnoma shartlarini bajarish darajasidan kelib chiqib to‘lanadi. Biroq bu 1 o‘quv yili uchun BHMning 50 baravaridan (20,6 mln so‘m) oshmasligi kerak.

Bundan tashqari, bir fuqaro 1 yil davomida turli ijtimoiy yordamlardan ko‘pi bilan 2 marta foydalanishi mumkinligi belgilandi.

Spot, avvalroq, 1-fevraldan kambag‘al oilalardagi yoshlarga ijtimoiy yordam shartnoma asosida berilishi haqida yozgandi.