Rossiyada xorijlik fuqarolar uchun tibbiy sug‘urta polisini olish tartibi sezilarli darajada o‘zgartirildi. Bu haqda Davlat dumasi raisi Vyacheslav Volodin ma’lum qildi.
Davlat dumasi qabul qilgan qonunga ko‘ra, migrantlar mamlakatda kamida besh yil qonuniy mehnat qilganidan keyingina bepul tibbiy yordam olish huquqiga ega bo‘ladilar.
Uning ta’kidlashicha, istisno faqat favqulodda holatlar uchun saqlanib qoladi — shunda tibbiy sug‘urta polisi mavjudligidan qat’i nazar yordam ko‘rsatiladi.
Volodinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya ijtimoiy kafolatlariga da’vogar bo‘lgan xorijliklar ularga bo‘lgan huquqlarini “halol mehnat” bilan tasdiqlashlari kerak.
“Majburiy tibbiy sug‘urta to‘g‘risida"gi qonunga o‘zgartirishlar hukumat tomonidan 2025-yil sentyabr oyida kelgusi uch yil uchun budjet paketi ustida ishlash doirasida kiritilgan.
Avvvalroq Moskva shahar dumasi deputatlari 1-noyabr kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda chet el fuqarolari uchun patent narxini oshirishni qo‘llab-quvvatlagani haqida xabar berilgandi.
Mintaqaviy koeffitsiyentning o‘zgarishini hisobga olgan holda, patent narxi oyiga 8,9 ming rubldan 10 ming rublgacha oshadi.
Koeffitsiyent har yili qayta ko‘rib chiqiladi, shunda patent uchun to‘lov shahardagi o‘rtacha ish haqining o‘zgarishini aks ettiradi, dedi poytaxt iqtisodiy siyosat va rivojlanish departamenti rahbari o‘rinbosari, soliq tahlili boshqarmasi boshlig‘i Darya Murchenko.
Murchenkoning so‘zlariga ko‘ra, patent narxining oshishi muhojirlar uchun soliq yukini Rossiya fuqarolari bilan tenglashtiradi. Patent qiymati bazaviy stavka, federal deflyator koeffitsiyenti va mintaqaviy koeffitsiyentning ko‘paytmasi sifatida hisoblanadi.
1-sentabrdan boshlab Moskva va Moskva viloyatiga O‘zbekiston va yana 8 ta davlatdan kelgan mehnat migrantlari Amin mobil ilovasini o‘rnatish majburiy bo‘lishi haqida xabar berilgandi.
Ilova Rossiyadagi xorijliklar uchun “qo‘shimcha hisobga olish mexanizmlari"ni joriy etish, jumladan, ularning geolokatsiyasini kuzatish bo‘yicha huquqiy eksperiment doirasida ishga tushirilgan. Rossiya Davlat Dumasi may oyida pilot loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilgandi.
Saytda qayd etilishicha, Amin xorijiy fuqarolarni ro‘yxatdan o‘tkazishni osonlashtiradi. Migrantlar ilova orqali ichki ishlar organlarini yashash joyi va uning o‘zgarishi haqida masofadan turib xabardor qilishlari mumkin bo‘ladi.
Ilovani smartfonga o‘rnatish mustaqil ravishda amalga oshiriladi va uni RuStore'dan yuklab olish mumkin. Biroq, xizmatda avtorizatsiya qilish uchun migratsiya markazida rasmiylashtirilishi mumkin bo‘lgan amaldagi chet el fuqarosi kartasi talab qilinadi.
Sentabr oyidan boshlab Rossiyada chet el fuqarolari uchun yangi yig‘imlar va bojlar joriy etildi: yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish uchun 500 rubl, vaqtincha yashash muddatini uzaytirish uchun 1000 rubl to‘lanadi.
Patent olish yoki qayta rasmiylashtirish uchun 4,2 ming rubl, ishlash ruxsatnomasini uzaytirish uchun 4,2 ming rubl hamda dublikat berish yoki ruxsatnomaga o‘zgartirishlar kiritish uchun 2,1 ming rubl miqdorida to‘lovlar belgilandi.
