Muhammadsodiq Axrorov 2006-yil Toshkent shahri Mirobod tumanida tug‘ilgan. 2024-yilda 154-maktabni bitirib, Xiamen University Malaysia’da dasturiy ta’minot muhandisligi yo‘nalishida bakalavr bosqichida o‘qishiga qabul qilingan. O‘qish va u yerda yashash xarajatlarini to‘liq qoplash maqsadida Merit Scholarship grantini qo‘lga kiritgan.

Spot Muhammadsodiq bilan dastur va unga hujjat topshirish, intervyudan o‘tish jarayonlari, shuningdek, ta’lim tizimi hamda yashash imkoniyatlari borasida suhbatlashdi.


Nima uchun Malayziya?

Yoshligimdan texnologiyalar olamiga qiziqishim katta edi. Maktab paytidayoq IT-sohasiga mehr qo‘yib, bu yo‘nalishda o‘zimni sinab ko‘ra boshlaganman. Oradan yillar o‘tib, maktabni tamomlagach, bilimimni yanada rivojlantirish uchun xorijda o‘qish g‘oyasi paydo bo‘ldi. Shunda o‘qish va yashash xarajatlarini to‘liq qoplaydigan grant dasturlarini izlay boshladim. Boshida meni ko‘proq Xitoydagi ta’lim sifati qiziqtirardi, chunki bu mamlakat universitetlari kuchli o‘quv dasturlari hamda dunyo reytinglaridagi yuqori o‘rinlari bilan ajralib turadi.

Shu sabab birinchi Xitoydan bunday grantlar izlay boshladim. O‘sha payti ko‘zim Xitoydagi Xiamen University’ga tushdi. Qiziq tomoni shundaki, bu universitetning Malayziyada filiali mavjud bo‘lib, aynan shu filiali Merit Scholarship orqali talabalarga grantlar ajratar ekan.

Xorijda ta’lim olish uchun 100% grant izlayotganim, shuningdek, Xitoyga nisbatan Malayziya bilan madaniy o‘xshashliklar ko‘proq ekanini inobatga olgan holda, Malayziyada xitoycha ta’lim olishga qaror qildim. Shu sababli Xitoydagi Xiamen University’ning Malayziyadagi filialida taqdim etiladigan Merit Scholarship uchun hujjatlarimni topshirdim.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Foto: Muhammadsodiq Axrorovning shaxsiy arxividan

Oradan biroz vaqt o‘tib, Merit Scholarship natijalar e’lon qilingach, grantni qo‘lga kiritganim ma’lum bo‘ldi. Shu sabab Xiamen University’ning Malayziyadagi filialida o‘qishga qat’iy qaror qildim.

Rostini aytsam, o‘sha paytda dadam O‘zbekistonda o‘qishimni maslahat berganlar — bu yerda osonroq bo‘lishi va o‘zimni ancha qulayroq his qilishimni aytganlar.

Ammo qarorimda qat’iy edim. Chunki hayotda haqiqiy o‘sish faqat qulaylikda emas, balki sinovlar orqali yuz beradi, deb ishonardim. Qiyinchiliklar orqali bo‘lsa ham, yangi tajriba orttirish, hayotiy va moliyaviy bilimlarimni kengaytirishni maqsad qilgandim.

Merit Scholarship qanday imkoniyatlarni beradi?

Xiamen University Malaysia Merit Scholarship — Malayziyadagi eng nufuzli oliygohlardan biri bo‘lgan Xiamen University Malaysia tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtiriladigan dastur. Universitetning maqsadi jahon miqyosidagi iqtidorli xalqaro talabalarni qo‘llab-quvvatlash va ularga Malayziyaning eng shinam kampuslaridan birida ta’lim olish imkoniyatini berishdir.

Stipendiya hukumat tashkilotlari orqali emas, balki to‘g‘ridan-to‘g‘ri universitetning o‘zi tomonidan beriladi. Nomzodlarni faqat universitetning qabul komissiyasi ko‘rib chiqadi. Bu esa arizalarni baholash jarayonining tez va shaffof bo‘lishini ta’minlaydi.

Arizalar yil davomida qabul qilinadi. Bakalavr dasturiga hujjatlarni yil davomida 3 ta asosiy: sentyabr, fevral va aprel oylarida topshirish mumkin. Dastur davomiyligi o‘qish bosqichiga qarab farqlanadi: bakalavriat 3−5 yil (yo‘nalishiga qarab o‘zgaradi), doktorantura esa 3−8 yil. Darslar asosan ingliz tilida olib boriladi — faqat Traditional Chinese Medicine darsi xitoy tilida.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Grant g‘oliblari uchun barcha o‘qish to‘lovi to‘liq qoplab beriladi. Biroq ushbu dastur aviachiptalar, oziq-ovqat, o‘quv qurollari va shaxsiy xarajatlarni qoplamaydi.

Hujjat topshirish jarayoni

Agar siz ushbu grantni qo‘lga kiritishni maqsad qilgan bo‘lsangiz arizani universitetning onlayn portaliga topshirishingiz lozim. Muhimi, universitet va stipendiyaga arizani alohida emas, bir vaqtning o‘zida yuborasiz.

Avvalo, shaxsingiz va akademik faoliyatingizni tasdiqlovchi hujjatlar talab etiladi. Ularga pasport nusxasi, maktab attestati yoki diplom, shuningdek, baholar tabelining transkripti kiradi. Barcha hujjatlar ingliz tiliga notarial tasdiqlangan tarjima bilan taqdim etilishi shart.

Shuningdek, universitet tanlagan o‘qish tiliga qarab, til sertifikati ham talab qilinadi. Ingliz tilida o‘qish istagida bo‘lganlar uchun IELTS kamida 6,0 yoki TOEFLdan 80 ball kerak.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Foto: shaxsiy arxiv

Arizaning eng muhim qismi — o‘quv rejangiz yoki tadqiqot taklifingizdir. Unda nima uchun aynan shu universitetini tanlaganingiz, ilmiy qiziqishlaringiz va kelajakdagi rejalaringiz haqida batafsil yozishingiz talab etiladi. Matn kamida 800 so‘z bo‘lishi lozim.

Yozish jarayonida eng asosiysi — o‘z shaxsiy hikoyangizni samimiy va aniq ifoda etishdir. Avvalo, nega aynan shu universitetni tanlaganingizni ko‘rsatishingiz zarur. Universitetning ta’lim sifati, xalqaro imkoniyatlari yoki uning muayyan ilmiy loyihalari sizni qanday ilhomlantirganini tushuntiring.

Shu bilan birga, o‘qish jarayoni sizning shaxsiy qarashlaringiz va kelajakdagi rejalaringiz bilan qanday uyg‘unlashishini ta’kidlang. Bu akademik aloqadorlikni ko‘rsatishning eng muhim usuli hisoblanadi.

Bundan tashqari, tavsiyanoma olish ham arizani mustahkamlashning zaruriy qismi. Imkon qadar sizni yaxshi tanigan professor yoki dotsentlardan tavsiyanoma oling. Eng yaxshi variant — sizga dars bergan yoki ilmiy ishlarga rahbarlik qilgan shaxslar. Agar ish tajribangiz bo‘lsa, ish beruvchingizdan ham tavsiyanoma olish arizangizni yanada kuchaytiradi va ishonchliligini oshiradi.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Hujjatlaringiz qabul qilingach, suhbat bosqichi bo‘lib o‘tadi. Undagi savollar maqsadlaringiz, motivatsiyangiz hamda tanlagan yo‘nalishingizga bo‘lgan qiziqishingizga qaratiladi. Bu jarayon o‘zingizni akademik va shaxsiy sifatlaringiz orqali to‘liq ko‘rsatish uchun ajoyib imkoniyat.

Masalan, men o‘z suhbatim davomida nafaqat o‘qish orqali, balki sport yo‘nalishida ham universitet nufuzini oshirishim mumkinligini aytdim. Chunki O‘zbekistondagi “Paxtakor” futbol klubida faoliyat yuritib, turli musobaqalarda qatnashganman. Shu tajribam tufayli universitetni nafaqat ilmiy, balki sport yutuqlari orqali ham munosib tarzda namoyon eta olishimni ta’kidladim. Sport tajribasini akademik intilishlar bilan bog‘lash arizani esda qolarli va kuchli qilishda imkon berdi.

Viza olish jarayoni

Universitetdan rasmiy qabul xati olingandan keyin, viza olish jarayoni boshlanadi. Bu jarayonda Xiamen University Malaysia talabalar uchun rasmiy taklif xati va zaruriy hujjatlarni tayyorlab berish orqali yordam ko‘rsatadi. Viza uchun jami xarajatlar $750 atrofida. Ushbu hujjatlar tayyor bo‘lgach, Malayziya elchixonasi orqali talabalik vizasi rasman tasdiqlanadi.

Ammo, Malayziyada xalqaro talabalar uchun ishlash imkoniyatlari cheklangan. Darslar davom etayotgan paytda talabalar ishlash huquqiga ega emaslar.

Shu sababli, grant yutgan talabalar o‘z kundalik xarajatlarini ko‘proq stipendiya yoki oilaviy qo‘llab-quvvatlash orqali qoplashadi. Eng asosiysi, talaba grantni saqlab qolish uchun butun diqqatini o‘qishga qaratishi lozim. Chunki akademik muhitda raqobat juda kuchli bo‘lib, har bir talabadan o‘z bilimini va intilishini doimiy ravishda yuqori natijalar orqali namoyon etish talab etiladi.

Ta’lim jarayoni

Xiamen University Malaysia’da talabalar nafaqat o‘z yo‘nalishiga oid fanlarni, balki har semestr boshida boshqa sohalardan ham qo‘shimcha fanlarni tanlash imkoniyatiga egalar. Bu moslashuvchanlik universitetning to‘liq elektronlashtirilgan o‘quv platformasi orqali boshqariladi.

Barcha o‘quv jarayonlari, jumladan, darslarga yozilish, imtihon sanalarini belgilash, baholarni kuzatish va hatto o‘qituvchilar bilan muloqot qilish ham shu yagona elektron platforma orqali amalga oshiriladi.

Foto: Muhammadsodiq Axrorovning shaxsiy arxividan.

Universitetda dars jadvali qat’iy belgilangan. Universitetda dars jadvali qat’iy belgilanadi. Har bir semestr boshida dars jadvali e’lon qilinadi va u semestr oxirigacha o‘zgarmaydi. Dars jadvalini talaba emas, balki universitetning o‘zi tuzadi. Davomat talabi qat’iy talabaning qatnashish darajasi 80% dan kam bo‘lmasligi kerak. Agar talaba biror fan bo‘yicha davomatini 80% dan pastga tushirsa, u holda ushbu fanning yakuniy imtihoniga kiritilmaydi.

Imtihonlar odatda semestr oxirida o‘tkaziladi. Talabalar imtihon sanalarini ham tizim orqali mustaqil tanlashlari mumkin, bu esa turli fanlar o‘rtasida vaqt to‘qnashuvi yuz bermasligini ta’minlaydi. Gumanitar yo‘nalishlarda ko‘pincha esse, loyiha yoki yozma ish topshiriladi, texnik fanlarda esa test, masala yechish, laboratoriya ishi yoki yozma imtihon orqali baho qo‘yiladi.

Yashash xarajatlari

Malayziyada yashash boshqa davlatlarga qaraganda arzonroq. Agar talaba faqat o‘qishga e’tibor qaratib, ko‘proq uyda ovqat pishirib va ko‘ngilochar joylarga kam chiqsa, oyiga taxminan $100 bilan ham yashab ketishi mumkin.

Agar vaqti-vaqti bilan restoran yoki kafelarga chiqib, qisqa sayohatlarga borsa, oylik xarajatlar $200 atrofida bo‘ladi. Oylik $300 budjet ajratgan talaba esa deyarli barcha ehtiyojlarini bemalol qondirib, talabalikdagi tejamkorlikni sezmay, ancha erkin yashashi mumkin.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Foto: Muhammadsodiq Axrorovning shaxsiy arxividan.

Xarajatlarning asosiy qismi ijara va oziq-ovqatdan iborat. Kampus ichida yoki boshqa talabalar bilan xonani bo‘lishib yashash oyiga $85 dan $120 gacha tushadi. Uyda ovqat tayyorlansa, oziq-ovqat xarajatlari $90-$100 atrofida bo‘ladi, ammo tashqarida tez-tez ovqatlanish bu summani sezilarli oshiradi.

Transport nisbatan arzon: jamoat transportidan muntazam foydalanish uchun oyiga $10-$30 yetadi. Bunga qo‘shimcha ravishda, kommunal to‘lovlar, internet va telefon xarajatlari o‘rtacha $20-$50 ni tashkil qiladi.

Malayziyada o‘qishni reja qilayotganlarga maslahatlar

Malayziyaga kelgan har bir xalqaro talaba duch keladigan eng katta qiyinchiliklardan biri tropik iqlimga moslashish. Yil bo‘yi hukm suradigan issiq va dim havo dastlab organizm uchun sinov bo‘ladi.

Ayniqsa, tashqaridagi jazirama bilan ichkaridagi kuchli konditsionerlar o‘rtasidagi keskin harorat farqi ba’zan shamollashga olib kelishi mumkin.

Iqlimdan tashqari, tropik joy bo‘lgani uchun hasharotlar va mayda jonivorlarning ko‘pligi ham dastlab ko‘nikishni talab qiladi. Agar turar joy ozoda va toza tutilmasa, suvarak yoki kaltakesak kabi jonivorlar chiqib qolishi odatiy hol. Bu holat avvaliga g‘alati tuyulsa-da, keyinchalik asta-sekin turmush tarzining bir qismiga aylanadi.

bakalavriat, malayziya, merit scholarship, xiamen university, xorijda ta'lim

Chap tomonda turgan Muhammadsodiq Axrorov. Foto: Muhammadsodiq Axrorovning shaxsiy arxividan.

O‘z tajribamdan kelib chiqib aytishim mumkinki: qayerda bo‘lishingizdan qat’i nazar, eng asosiysi — yaxshi o‘qishdir. Agar chin dildan harakat qilib, bilim olinsa, oldingizda o‘zingiz kutmagan yangi imkoniyatlar eshiklari ochiladi.

Yana bir juda muhim narsa esa netvorking. Yangi odamlar bilan tanishish, do‘stlar orttirish va tajriba almashish bularning barchasi sizning kelajak imkoniyatlaringizni sezilarli darajada kengaytiradi. Ba’zan birgina suhbat, tanishgan odam yoki kichkina loyihada ishtirok etish kutilmagan muvaffaqiyat yo‘llariga olib chiqishi mumkin.

Shu sababli, faqat kitoblarga berilib qolmasdan, atrofingizdagi insonlar bilan ham faol muloqotda bo‘lish zarur. O‘qish va do‘stlik bir-birini to‘ldirganidagina, talabalik davri haqiqiy hayot maktabiga aylanadi.