UzAuto Motors Cobalt avtomobilining to‘lov qilinmagan hajmini rasmiy dilerlar orqali sotuvga chiqaradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati xabar berdi.

3-noyabr kuni Chevrolet Cobalt avtomobillari uchun onlayn shartnoma berish jarayoni ochilib, qariyb 2,5 soat ichida jami 100 mingta shartnoma rasmiylashtirildi.

Avtomobil ishlab chiqaruvchisi faqat 20 833 dona avtomobil uchun to‘lov qilinib, 7 kun ichida to‘lovlar amalga oshirilmagani uchun qolgan hajmi bekor qilinganini ma’lum qildi.

Fuqarolar murojaatlari hamda shartnomalar haqiqiy ehtiyojsiz rasmiylashtirilganidan kelib chiqib, UzAuto Motors Chevrolet Cobalt avtomobillarini rasmiy dilerlar salonlarida sotishga qaror qildi.

Mijozlar onlayn shartnomalar uchun to‘lov muddati tugagach, istalgan Chevrolet rasmiy dileridan Cobalt avtomobilini sotib olishlari mumkin. Fuqarolar o‘zlari uchun qulay dilerlik markazini, mavjud avtomobillarni tanlashi, qo‘shimcha jihozlarni kafolat shartlariga ziyon yetkazmagan holda bevosita dilerlik markazida o‘rnatishlari mumkin.

Dilerlik markazlarida sotilayotgan barcha avtomobillar UzAuto Motors’ning yagona tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Har bir shartnomada uning haqiqiyligini tasdiqlovchi QR-kod mavjud bo‘ladi.

20-noyabr holatiga ko‘ra, dilerlik tarmog‘iga 2 624 dona Cobalt avtomobili yetkazilgan bo‘lib, shundan 1 969 tasi xaridorlarga topshirilgan. Yana qariyb 6 ming dona Cobalt dilerlarga yetkazilmoqda. Kompaniya dilerlik markazlaridagi sotuvlar onlayn xarid qilingan avtomobillarni vaqtida yetkazishga ta’sir ko‘rsatmasligini bildirdi.

Noyabr oyida topshirilishi belgilangan avtomobillarning yarmidan ko‘pi allaqachon mijozlarga topshirilgan. Kompaniya 15-dekabrgacha dekabr va yanvar oylarida yetkazilishi belgilangan avtomobillar grafikdan oldin to‘liq topshirilishini qayd etdi.

Shuningdek, UzAuto Motors rasmiy dilerlik markazlarida avtomobil xarid qilishda noqonuniy harakatlar, tovlamachilik yoki boshqa korrupsion holatlar kuzatilsa, Komplayens xizmatiga xabar berishni so‘ramoqda.

Avvalroq AQSh UzAuto Motors xususiylashtirilishida ishtirok etishni ko‘rib chiqayotgani haqida xabar berilgandi. Aprel oyida prezident 2026-yilning birinchi choragida UzAuto Motors‘dagi 99,7% lik davlat ulushini sotish uchun ochiq savdolarni o‘tkazishni topshirgan edi.