O‘zbekiston xalqaro aeroportlari 2025-yilning yanvar-oktabr oylarida 12,683 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatdi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.
2024-yilning shu davriga nisbatan umumiy yo‘lovchilar oqimi 14% ga oshdi. Ulardan 10,38 mln nafari xalqaro reyslarni, 2,29 mln yo‘lovchi esa ichki reyslarni amalga oshirgan.
Xalqaro aeroportlar tomonidan amalga oshirilgan reyslar soni 13% ga oshib, 105 570 tani tashkil etdi, shundan ichki yo‘nalishlarda 30 341 ta, xalqaro yo‘nalishlarda 75 229 ta reys amalga oshirildi.
O‘zbekistonning eng yirik aeroporti — Toshkent aeroporti birinchi yarim yillikda 8 mln 226 ming 195 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lib, 65 725 ta (16%) reyslarni amalga oshirgan.
Kuchli uchlikda Samarqand va Urganch xalqaro aeroportlari turibdi. Birinchisida 1 mln 260 ming 832 nafar (10 054 ta reys), ikkinchisida esa 709 ming 907 nafar (5396 ta reys) yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilgan.
O‘n oyda mamlakat aeroportlarida 78 453 tonna yuk va pochta jo‘natmalari o‘tkazildi, ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14% ga oshdi.
Avvalroq Spot Toshkent aeroportida yangilangan uchib kelish zali ochilgani haqida yozgandi.
Ta’mirlash ishlari doirasida uchib kelish zali 2200 kv.metrga, to‘xtash joyi 347 taga hamda VIP zal 300 kv.metrgacha kengaytirildi. Bundan tashqari, shaharga qaragan ochiq terassa ochildi.
