Avvalroq prezident Ekologiya vazirligini Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasiga aylantirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.

Hujjat bilan, ekologiya sohasi bo‘yicha yangi choralar dasturi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatida mavjud issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha zarur tashkiliy-texnik chora-tadbirlar to‘g‘risida 2025-yil oxirigacha takliflar ishlab chiqiladi.

Bunda mavjud issiqxona xo‘jaliklarining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyoji, mavjud quvvatlar va tarmoqlarga ulanish imkoniyatlari tahlil qilinadi. Issiqxona xo‘jaliklari joylashgan hududlardagi gaz taqsimoti tarmoqlarining texnik holati va mavjud quvvati xatlovdan o‘tkaziladi.

Energiya tejamkor isitish texnologiyalarini joriy etish, shu jumladan, tabiiy gazdan samarali foydalanish va muqobil manbalar (biogaz, quyosh energiyasi) bilan uyg‘unlashtirish imkoniyatlari o‘rganiladi.

Tabiiy gaz bilan uzluksiz taʼminlash bo‘yicha mavsumiy grafiklar, limit va tarif mexanizmlari takomillashtiriladi. Issiqxona xo‘jaliklari faoliyatida uzilishlarning oldini olish choralari ko‘riladi.

Yil oxirigacha mazut va shunga o‘xshash yuqori ifloslantiruvchi yoqilg‘ilardan foydalanish natijasida atmosferaga zararli moddalar chiqarilishining oldini olish bo‘yicha choralar ko‘riladi.

Shu bilan birga, javobgarlik choralarini kuchaytirish maqsadida qonunchilik hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ham ishlab chiqiladi.

1-dekabrdan respublika bo‘yicha AYQSHlarda AI-80 benzini sotilishining oldini olish bo‘yicha qatʼiy nazorat o‘rnatiladi.

Dekabr oyidan Toshkent shahrida yuk tashuvchi avtotransport vositalari harakatini tig‘iz vaqtlarda cheklash amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

2026-yil martigacha qurilish boshlanishidan oldin monitoring stansiyalari, onlayn kameralar va ekologik talablarni belgilaydigan “Qurilishda ekologik faoliyat standarti” ishlab chiqiladi. Bu talablar xalqaro standartlarga javob berishi kerak.

Kelasi yil aprelgacha esa shamol yo‘nalishlari va tezligini hisobga olgan holda qurilishni amalga oshirishni nazarda tutuvchi standart ishlab chiqiladi. Bunda shamol yo‘nalishini inobatga olgan holda bino-inshootlarga qo‘yiladigan talablar belgilanadi.

Shuningdek, bino-inshootlarning joylashuvi va shamol o‘tishi hisobga olinadi. Qurilish ishlarini boshlashdan oldin qurilish, ekologiya va kadastr organlarining xulosalarini olish tartibini belgilanadi.

O‘zgidromet Toshkent shahrida shamol yo‘nalishini doimiy o‘rganib boradi va shamol yo‘nalishi to‘g‘risidagi maʼlumotlarni OAV orqali keng jamoatchilikka yetkazib turadi.

2025-yil noyabr oyi oxirigacha “Yashil Toshkent” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha respublika ishchi guruhi tuziladi.

Ishchi guruh Toshkentda ko‘kalamzorlashtirish, himoyaviy va rekreatsiya ahamiyatiga ega yashil hududlar maydonini ko‘paytirish hamda zamonaviy landshaft va shahar ekotizimini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.

Sug‘orish va parvarish infratuzilmasini yangilash, energiya tejamkor va raqamli monitoring yechimlarini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlarni muvofiqlashtiradi.

Joriy yil dekabr oyi oxirigacha Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligini tashkil etish bo‘yicha hukumat qarori loyihasini ishlab chiqilishi kerak. Bunda Toshkent shahar o‘rmon xo‘jaligining vazifa va asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilanadi. O‘rmon xo‘jaligining shtat birliklari va moddiy-texnika bazasini tashkil qilish nazarda tutiladi.

Bulardan tashqari, dasturga daraxt va butalarni sanitariya maqsadida kesish uchun ruxsatnomani kollegial ovoz berish tartibida ko‘rib chiqishni yo‘lga qo‘yish kiritildi.

Respublikada 18 ta dendrologiya va 15 ta botanika bog‘lari tashkil etiladi. Obodonlashtirish xizmatlari va “Yashil hudud” DM faoliyati takomillashtiriladi.

Ekologiya qo‘mitasining boshqaruv xodimlari faoliyatiga baho berib, ular attestatsiyadan o‘tkaziladi. Qo‘mitaning tuman (shahar) bo‘linmalari bino-inshootlar bilan taʼminlanadi.


Spot, avvalroq, Ekologiya vazirligi hukumat tarkibidan chiqarilib, qo‘mitaga aylantirilgani haqida yozgandi.