Migratsiya agentligi va Skills Provision Ltd kompaniyasi hamkorligida Buyuk Britaniyada yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari montajchisi lavozimi bo‘yicha tanlov boshlandi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.
Ish o‘rinlari soni 500 nafarni tashkil etadi. Tanlovdan o‘tgan mutaxassislar mehnat xavfsizligi qoidalariga qat‘iy amal qilgan holda elektr montaji bilan bog‘liq ishlarni bajaradi.
Ular arqon bilan ishlash (rigging), osma va bloklash, yerga ulash (earthing), jumper o‘rnatish, po‘lat konstruksiyalarni yig‘ish va ta‘mirlash kabi vazifalarni bajaradi. Shuningdek, texnik chizmalarni o‘qiy olishi va jamoaviy intizomga rioya qilishi ham talab etiladi.
Ish vaqti mavsumga qarab farqlanadi: qish oylarida haftasiga 39 soat, yoz oylarida esa 60 soat ishlanadi. Ish haqi soliqdan tashqari taxminan 3400 funt sterlingni (taxminan $4400) tashkil etadi. Qo‘shimcha ishlar uchun alohida to‘lov ham nazarda tutilgan.
Tanlovda 23 yoshdan 45 yoshgacha bo‘lgan, elektr energetikasi yoki shu yo‘nalishdagi oliy ma‘lumotga ega, kamida uch yillik tajribasi bor hamda ingliz tilidan B2 daraja va xalqaro sertifikatga ega nomzodlar ishtirok etishi mumkin.
Shuningdek, 110 kV va undan yuqori elektr uzatish liniyalarida ishlagan bo‘lishi, minoralar qurilishi va ta‘mirini bilishi, balandlikda ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lishi talab etiladi.
OHL (tension/stringing) — yuqori kuchlanishli liniyalarda kabel tortish va o‘rnatish, hamda tower assembly — elektr uzatish minoralarini yig‘ish bo‘yicha amaliy tajriba ham muhim hisoblanadi.
Ish beruvchi mehnat vizasi xarajatlari, tibbiy sug‘urta va ish kunlarida yashash uchun beriladigan kunlik 60 funt sterling Working Away Allowance‘ni ta‘minlaydi. Xodim esa ovqatlanish va ish joyiga yetib borish xarajatlarini o‘zi qoplaydi.
Biroq yo‘l xarajatlarining 50%i ish beruvchi tomonidan, qolgan yarmi esa Migratsiya agentligi tomonidan qoplab beriladi.
Ro‘yxatdan o‘tish uchun xorijdaish.uz saytiga kirib, vakansiya ID: 1249 bo‘yicha murojaat qilish mumkin.
Qo‘shimcha ma‘lumot uchun 1282 yoki 71 202−33−55 (ichki raqam 133) raqamlariga ish kunlarida murojaat qilish kerak.
Spot, avvalroq, o‘zbekistonlik tokarlar Slovakiyaga ish taklif qilinayotgani haqida yozgandi.
