Prezident Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etilishi bo‘yicha farmonni imzoladi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy-axborot kanali xabar berdi.

Farmonning asosiy maqsadlari sifatida sohani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash tizimini raqamlashtirish orqali mehnat va vaqt resurslari sarfini 2 baravarga qisqartirish belgilandi.

Shuningdek, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkolarga ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralarini unifikatsiya qilish orqali ularning soni 2028-yil yakunigacha 50% gacha qisqartiriladi.

Hujjatga ko‘ra, Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Agrar sohada to‘lovlar agentligi tashkil etiladi. Agentlik qo‘llab-quvvatlash choralarining yangi turlarini joriy qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqadi.

Qo‘llab-quvvatlash choralarini ko‘rsatish uchun arizalarni topshirishdan boshlab, ularni ko‘rib chiqish, maʼqullash va to‘lov jarayonigacha bo‘lgan barcha bosqichlarni to‘liq raqamlashtiradi.

2026-yildan mazkur farmonda belgilangan qo‘llab-quvvatlash choralari agentlik tomonidan amalga oshiriladi.

Qo‘llab-quvvatlash choralari tadbirkorlarga alohida maxsus hisob raqamlar (23210) ochish orqali moliyalashtiriladi.

18-noyabr kuni prezident raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda 75 turdagi subsidiyani yagona platforma orqali ajratib boradigan Agrar sohada to‘lov agentligini tashkil etish tashabbusi bildirilgan edi.


Spot, avvalroq, dehqonlar mahsulotini kafolatli sotish uchun Eksportchi kooperativlari tuzilishi haqida yozgandi.