S&P Global xalqaro agentligi O‘zbekistonning uzoq muddatli suveren kredit reytingini “barqaror” prognozi bilan “BB” darajasiga ko‘tardi. Buh haqda agentlik saytida maʼlum qilindi.
Agentlik ekspertlari so‘nggi yillarda mamlakatda iqtisodiy siyosat bosqichma-bosqich kuchayib borayotganini taʼkidladi. Hukumatning shaffofligini oshirish bilan birgalikda energetika sohasi va undagi tariflarni isloh qilish davom etayotgani shundan dalolat beradi.
Hukumat, shuningdek, bir qator investitsiya loyihalari ustida ishlamoqda, agar ular muvaffaqiyatli bo‘lsa, “uzoq muddatli iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashi kerak”. Bular — foydali qazilmalarni qazib olish, energetika va infratuzilma loyihalari.
“Tarkibiy tashqi zaifliklar saqlanib qolayotganiga qaramay”, oltin narxining oshishi O‘zbekistonning tashqi pozitsiyasini sezilarli darajada kuchaytirdi. Oktabr oyi oxirida Markaziy bankning xalqaro zaxiralari hajmi 2023-yildan buyon ikki baravardan ko‘proqqa oshib, $59 mlrdga yetdi. Markaziy bank likvid zaxiralarining qariyb 80%i oltin zaxirasiga to‘g‘ri keladi.
Yil boshidan buyon respublika eksportining qariyb 40% ini oltin tashkil etmoqda. Qimmatbaho metallning sotilishi so‘mning mustahkamlanishiga yordam berdi, shuningdek, soliq tushumlarining o‘sishini taʼminladi. Biroq, S&P oltin narxining pasayishi tufayli zaxiralarning asta-sekin qisqarishini kutmoqda.
O‘zbekistonning davlat qarzi reytingi o‘xshash bo‘lgan boshqa mamlakatlarga nisbatan “o‘rtacha” darajada qolmoqda. Uning asosiy qismini investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun olingan past foizli uzoq muddatli qarzlar tashkil etadi.
Respublikada iqtisodiy o‘sish surʼatlari MDHdagi eng yuqori ko‘rsatkichlardan biri bo‘lib qolmoqda — 2025-yilning uch choragida 7,6%. Investitsiyalar rivojlanishning asosiy drayveri bo‘lib, ularning YIMdagi ulushi 32% ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hali ham nisbatan past darajada — taxminan $3500. Prognozlarga ko‘ra, o‘sib borayotgan aholi uchun ish o‘rinlari yetishmasligi sababli ko‘plab o‘zbekistonliklar chet elda ish izlashadi va o‘tkazmalar iqtisodiyotning muhim qismi bo‘lib qoladi.
S&P reytingi uchun asosiy pasaytiruvchi xatarlar davlat xarajatlari va kreditlarga xizmat ko‘rsatish xarajatlarining o‘sishi, shuningdek, “kutilmagan shartli majburiyatlarni amalga oshirish” hisoblanadi. Shuningdek, investitsiya loyihalarining past rentabelligi yoki ularni yakunlash xarajatlarining yuqoriligi tufayli yalpi ichki mahsulot o‘sish surʼatlarining sekinlashishi reytingga taʼsir qilishi mumkin.
Joriy yilning iyun oyida Fitch “katta uchlik"dan birinchi bo‘lib O‘zbekistonning suveren reytingini “BB” darajasiga ko‘tardi. Agentlik buni islohotlar surʼatining tezlashishi va o‘rta muddatli iqtisodiy o‘sishning qulay istiqbollari bilan izohladi.
Avvalroq Fitch Uzbekistan Airports‘ga birinchi marta “BB” kredit reytingini bergani haqida xabar berilgan edi.
