Adliya vazirligining Intellektual mulk departamenti chet el dori vositalarining ikkita soxta versiyasi ishlab chiqarilishiga chek qo‘ydi. Bu haqda tashkilot matbuot xizmati xabar berdi.
Vazirlikka “Smekta” (Smecta) savdo belgisi huquqlariga ega bo‘lgan fransuz Mayoly Pharma France kompaniyasidan shikoyat kelib tushdi. Kompaniya mahalliy ishlab chiqaruvchi A.O. tomonidan huquqlari buzilganini ko‘rsatgan.
Tekshiruv davomida korxona dori vositasi uchun fransuz belgisiga fonetik jihatdan o‘xshash “Aktiv Smekta” nomidan foydalangani aniqlandi. Departament xodimlari taxminan 1000 ta soxta mahsulot qadoqlarini aniqladi.
Adliya vazirligi A.O. kompaniyasiga “Smekta” tovar belgisi huquqlarini buzuvchi barcha harakatlarni to‘xtatishni buyurdi. Shuningdek, unga BHMning 100 baravari (41,2 mln so‘m) miqdorida jarima solindi.
O‘tgan hafta Adliya vazirligi venger farmatsevtika kompaniyasi Opella Healthcare Hungary Kft.ning murojaati haqida xabar bergan edi. Unda “No-shpa” og‘riq qoldiruvchi dori vositasi belgisi huquqlari buzilgani taʼkidlangan.
Mahalliy M.F. kompaniyasi “Mer Noshpen” dori vositasini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan va chet el belgisiga “adashtirib yuborish darajasida” o‘xshash bezakdan foydalangan. Namangan viloyati iqtisodiy ishlari bo‘yicha sudi uni 82 mln so‘m tovon to‘lashga majbur qildi.
Avvalroq Spot tibbiyot va farmatsevtika sohasida 2025-yil oxirigacha $166 mlnlik 32 ta loyiha ishga tushirilishi haqida yozgandi.
