O‘zbekiston Oliy taʼlim sohasida malakalarni tan olish to‘g‘risidagi global konvensiyani ratifikatsiya qildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.

Agentlik konvensiya asosida Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston diplomlari O‘zbekistonda amal qilishi haqidagi savollarga javob berdi.

O‘zbekistonda xorijiy davlatlar diplomlarini tan olish tegishli qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Tegishli nizom bilan mamlakatda to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinadigan xorijiy davlatlarda olingan hujjatlar toifalari belgilangan.

Jumladan, O‘zbekistonning xalqaro shartnomalarida nazarda tutilgan hollarda xorijiy davlatlarda taʼlim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlar to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinishi belgilangan.

Mazkur konvensiya YUNESKO shafeligida ishlab chiqilgan birinchi shartnoma hisoblanadi. Uning 4-moddasida konvensiyaning aʼzosi bo‘lgan ishtirokchi davlat konvensiyaning aʼzosi bo‘lgan boshqa ishtirokchi davlatlarda egallangan va hujjatlar orqali tasdiqlangan malakalarni tan olish majburiyati ko‘rsatilgan.

Tan olish jarayoni har bir davlatning o‘z milliy qonunchiligida belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Bunda ishtirokchi davlatlar boshqa davlatlarda egallangan oliy taʼlimga oid malaka (diplom)ni adolatli tarzda tan olishi lozim.

Davlatlar taʼlim tizimi o‘rtasida muhim farqlar mavjud bo‘lgandagina tan olish rad etilishi mumkin.

Hozirgi kunda 38 ta davlat Global konvensiyaga a‘zo hisoblanadi va 10 ga yaqin davlatlar konvensiyaga aʼzo bo‘lish jarayonini olib bormoqda. Global konvensiyaga aʼzo davlatlar ro‘yxati:

  • Yevropa mintaqasida: Fransiya, Buyuk Britaniya, Finlandiya, Norvegiya, Shvetsiya, Islandiya, Vengriya, Andorra, Armaniston, Xorvatiya, Estoniya, Litva, Moldova, Ruminiya, Slovakiya, Gruziya, Bosniya va Gersogovina, Muqaddas Prestol, San-Marino, Lyuksemburg;
  • Amerika mintaqasida: Kuba, Nikaragua, Ekvador, Urugvay;
  • Afrika mintaqasida: Janubiy Afrika Respublikasi, Tunis, Kabo Verde, Jibuti, Kotdivuar, Gvineya, Senegal;
  • Osiyo mintaqasida: Yaponiya, Janubiy Koreya, Mug‘uliston, Yaman, Falastin;
  • Avstraliya va Okeaniya mintaqasida: Avstraliya, Yangi Zelandiya.

Konvensiya 18-moddasiga ko‘ra, a‘zo davlat bo‘lish YUNESKO kotibiyatiga tegishli hujjat topshirilgandan 3 oy o‘tib kuchga kiradi. O‘zbekiston ham hujjatni taqdim etganidan 3 oy o‘tgach konvensiyaning to‘laqonli a‘zosi bo‘ladi.

Global konvensiya doirasida faqatgina unga aʼzo bo‘lgan davlatlar o‘rtasida oliy taʼlimga oid malaka (diplom)larni o‘zaro tan olish mexanizmlari qo‘llaniladi.


Avvalroq diplomlari to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinadigan OTMlar ro‘yxati tasdiqlangani haqida xabar berilgandi.

Mazkur ro‘yxatdagi oliygohlarni tamomlagan talabalarning diplomlari O‘zbekistonda imtihonsiz nostrifikatsiya qilinadi.