Komil Allamjonov maslahatchi-vakil — prezident Administratsiyasining AQShdagi vakili lavozimiga tayinlandi. Bu haqda prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov xabar berdi.
Allamjonov Prezident administratsiyasi rahbarining maslahatchisi lavozimidagi faoliyatini davom ettirishi qo‘shimcha qilindi.
12-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev Amerika-O‘zbekiston ishbilarmonlik va investitsiya kengashini tashkil etish bo‘yicha farmonni imzolagandi.
Yangi tuzilmaning hamraislari O‘zbekiston tomonidan — prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva, AQSh tomonidan esa AQSh prezidentining maxsus vakili Serjio Gor bo‘lgandi.
“Uning faoliyati prezident Trampning Amerikaning iqtisodiy yetakchiligini mustahkamlash, AQSh kompaniyalari uchun imkoniyatlarni kengaytirish va xorijdagi hamkorlik Amerika xalqiga haqiqiy foyda keltirishini ta’minlashga bo‘lgan intilishini aks ettiradi”, — deyiladi AQSh elchixonasi xabarida.
Elchixonaning ta’kidlashicha, kengash AQSh va O‘zbekistonning sarmoyaviy va eksport imkoniyatlarini kengaytirish, Amerika texnologiyalari va iste’dodlari uchun tez rivojlanayotgan sohalarni, ayniqsa, IT va raqamli innovatsiyalarni ochish, shuningdek, amerikalik eksportchilar uchun teng sharoitlar yaratishga ko‘maklashishga e’tibor qaratadi.
Shuningdek, kengash O‘zbekistonga investitsiyalarni jalb etish uchun maxsus jamg‘arma tashkil qilish masalasi bilan shug‘ullanadi. AQSh Xalqaro moliyaviy taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) asosiy investor sifatida ishtirok etadi.
Bundan tashqari, jamg‘arma faoliyatiga Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi (XMK) va boshqa xalqaro tashkilotlarni jalb qilish ko‘zda tutilmoqda.
Kengashning vazifalariga tarif stavkalarini o‘zaro pasaytirish bo‘yicha muzokaralar va O‘zbekistonning investitsiya portfelini, shu jumladan Markaziy bankning valyuta zaxiralarini diversifikatsiya qilish bo‘yicha takliflar kiradi. Bundan tashqari, u AQShda IT Park Uzbekistan rezidentlarining mahsulot va xizmatlarini targ‘ib qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston AQSh bilan Toshkentda biznes maktabi va kollej ochmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi.
