Raqobat qo‘mitasi 11 ta tovar bozorida 66 ta korxonani “ustun muzokara kuchi"ga ega deb topdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Ular ustun mavqega ega bo‘lmasa ham, bitim shartlari yoki narxni bir tomonlama belgilash imkoniyatiga ega ekani aniqlangan.
Qo‘mita, shuningdek, Toshkent shahridagi avtoturargoh operatorlarining ham bozordagi rolini o‘rganayotganini ma‘lum qildi. Ularda ustun muzokara kuchi mavjud yoki yo‘qligi yuzasidan tahlillar olib borilmoqda.
Qo‘mita “Raqobat to‘g‘risida"gi qonun da agar tashkilot yoki shaxslar guruhi bitim shartlariga bir tomonlama ta‘sir ko‘rsata olsa, u “ustun muzokara kuchi"ga ega deb e‘tirof etilishini eslatdi.
Sentabr oyida Toshkentdagi yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar narxi haydovchilar orasida noroziliklarni keltirib chiqarayotgani ma’lum bo‘lgandi. Avtoturargohlar bo‘lishiga qaramay, avtomobil egalari mashinalarini belgilanmagan joylarga qo‘yishni afzal ko‘rmoqda. Ularning aksariyati narxlarni yuqori hisoblaydi.
Oktabr oyida poytaxt hokimligi pulli “parkovka"larda to‘lovsiz va tartibsiz joylashtirish uchun jarima belgilashni taklif qildi. Hokimlik jarima maydonlari yetishmaslini qayd etib, ma’muriy javobgarlikni joriy etish va jarima maydonlarini yaratishni taklif qildi.
Bundan tashqari, rezidentlik ruxsatnomalari joriy etilishi ma’lum qilindi. Ko‘p qavatli uylar aholisi pulli “parkovka"lardan haftaning dushanba-juma kunlari soat 20:00 dan ertalab soat 08:00 gacha hamda bayram kunlari bepul foydalanishlari mumkin. Ruxsatnoma qanday olinishi va boshqa talablar haqida noyabr oyida ma’lum qilinishi kerak edi.
Joriy yilning 8-may kuni Toshkentning Amir Temur xiyoboni, Mirobod, Shahrisabz, Istiqbol va Zarafshon kabi 6 ta sinov ko‘chasida yo‘l bo‘yi pulli avtoturargohlar loyihasi ishga tushirildi. Ikkinchi bosqichda, 30-iyungacha poytaxtning yana 30 ta ko‘chasida pulli avtoturargohlar joriy etilishi, iyul oyi oxirigacha esa 13 208 ta to‘xtash joyiga mo‘ljallangan nuqtalar 86 ta ko‘chada ishga tushishi belgilangandi.
Undan keyin to‘lovlar uchun Poytaxt Parking mobil ilovasi ishga tushirildi. O‘zbek, rus va ingliz tillari mavjud bo‘lgan ilovada to‘xtash sessiyasining davomiyligini tanlash mumkin, shundan kelib chiqib narx shakllanadi.
Avvalroq Spot XDP Toshkentdagi pulli parkovkalar narxlarini qayta ko‘rib chiqishni taklif qilgani haqida yozgandi.
