Xorijiy va xususiy oliy ta’lim tashkilotlari uchun grant tanloviga qabul qayta ochildi. Bu haqda Bilimni baholash agentligi xabar berdi.
Davlat komissiyasi bayoniga muvofiq tasdiqlangan 2025/2026-o‘quv yili uchun O‘zbekistonda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida ajratilgan 1 320 ta o‘rindan vakant qolgan o‘rinlar uchun qo‘shimcha tanlov o‘tkazilishi belgilandi.
Bunda muayyan xorijiy va xususiy OTMlarga to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar Bilimni baholash agentligining my.uzbmb.uz platformasi orqali 25-noyabrdan 4-dekabrga qadar (shu kuni ham) onlayn ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.
Ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar uchun 11-dekabrga qadar test sinovlari o‘tkaziladi. Test sanasi, vaqti va manzili haqidagi ma’lumotlar abituriyent shaxsiy kabineti orqali e’lon qilinadi.
Talabgorlar imtihonda ishtirok etish uchun ruxsatnomani shaxsiy kabinetidan olishlari mumkin.
Bunda ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlardan belgilangan miqdordagi to‘lov undiriladi. Ularni o‘z vaqtida to‘lamagan abituriyentlar test sinovlariga qo‘yilmaydi va tanlovda ishtirok etmaydi.
Abituriyentlarning o‘tkazilgan test sinovlari natijasiga ko‘ra to‘plagan ballari ketma-ketlik tartibiga qat’iy rioya qilgan holda shakllantiriladi hamda belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun 15-dekabrgacha tegishli OTMga taqdim etiladi.
Avvalroq O‘zbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etilgani haqida xabar berilgandi. Agentlik texnikumlarga qabul qilish parametrlarini va ularning o‘quv dasturlariga qo‘yiladigan talablarni tasdiqlaydi.
