Avvalroq prezident Toshkentdagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar berilgandi.
Hujjat bilan, atmosfera havosining PM 2.5 zarralari bilan ifloslanish manbalarini aniqlash uchun Ekologiya qo‘mitasi huzurida Atmosfera havosini chuqur o‘rganishga qaratilgan maxsus laboratoriya tashkil qilinishi belgilandi.
Maxsus laboratoriyaga termik optik tahlillarni amalga oshirish uchun termo-optik analizator uskunasi xarid qilinadi. Atmosfera havosi namunalarini yig‘ib olish maqsadida 5000 dona kvars filtrlar sotib olinadi.
Tadbirkorlik subyektlari va fuqarolar tomonidan maishiy havo tozalash uskunalari (TIF TN kod 8509 80) O‘zbekiston hududiga olib kirilganda bojxona bojidan ozod etiladi.
Shuningdek, maxsus laboratoriya uchun uskunalar va boshqa jihozlar, avtomatlashgan kichik stansiyalar (TIF TN kodi 9027), tashlamalarning avtomatik monitoring stansiyalari (TIF TN kodi 9027), avtomatik kuzatuv lostlari (TIF TN kodi 9027), chang-gaz tozalash uskunalari (TIF TN kodi 8421), lokal suv tozalash inshootlari (TIF TN kodi 8421) ham bojdan ozod etiladi.
Avtotransport vositalarining atmosfera ifloslanishiga taʼsirini kamaytirish bo‘yicha ishlar olib boriladi. Bu maqsadda Toshkentda Yevro-4 standartiga javob bermaydigan, M va N toifalariga mansub va 2010-yilgacha ishlab chiqarilgan avtomobillar o‘rganib chiqiladi.
Mazkur transport vositalarini trade-in tizimi orqali xarid qilish tartibi bir oy muddatda ishlab chiqiladi.
Avvalroq Spot Toshkent shahri va uning atrofidagi issiqxonalar gaz bilan ta’minlanishi haqida yozgandi.
