Centrum Air xususiy aviakompaniyasi beshta yangi Airbus A320neo oilasiga mansub samolyotlarni xarid qiladi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati Spot‘ga maʼlum qildi.
Dubai Airshow 2025-aviako‘rgazmasida Centrum Air va Irlandiyaning Avolon kompaniyasi beshta Airbus A320neo samolyotini lizing asosida olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Yangi laynerlarning yetkazib berilishi 2027-yilda kutilmoqda. Havo floti kengayishi tashuvchiga parvozlar geografiyasini kengaytirish va o‘sishni qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.
Hozirgi vaqtda Centrum Air xususiy aviakompaniyasining havo floti jami 13 ta samolyotdan iborat: yettita Airbus A320, uchta A321 va uchta A330−300. Havo parkining o‘rtacha yoshi 12,4 yilni tashkil etadi.
Noyabr oyining boshida Centrum Air o‘rta magistralli Airbus A320−200 samolyotini qo‘lga kiritdi. Bu shu yil boshidan beri oltinchi yangi bort bo‘ldi.
Centrum Air bosh direktori Huseyn Sherif Spot‘ga bergan intervyusida bu yil oxirigacha aviakompaniya bitta Airbus A330 kelishini kutayotganini aytdi.
2026-yilda tashuvchi yana 8 ta samolyot — 6 ta Airbus A320ceo va 2 ta A320neo qo‘shishni rejalashtirmoqda. Bortlar bo‘yicha shartnomalarning katta qismi allaqachon imzolangan, qolganlari bo‘yicha muzokaralar yakunlanmoqda.
2027-yilda yana 10 ta samolyot kelishi kutilmoqda: 4 ta Airbus A321neo va 6 ta A320neo. Baʼzi shartnomalar allaqachon tuzilgan, qolganlari yakuniy bosqichda. 2027-yil oxiriga kelib Centrum Air havo floti 38 ta yo‘lovchi samolyotidan iborat bo‘ladi.
Avvalroq Spot Qozog‘istonning SCAT aviakompaniyasi Turkistondan Urganch, Samarqand va Buxoroga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yishi haqida yozgandi.
