Shavkat Mirziyoyev 25-noyabr kuni “Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi. Farmon bilan Ekologiya qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov boshchiligida maxsus komissiya tuzildi.

Maxsus komissiya yuqori tabiiy changlanish davrida sanoat obyektlari, transport, isitish va boshqa sohalar faoliyatini cheklash huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, u avtotransport harakatiga cheklovlar kiritishi mumkin bo‘ladi.

Xususan, komissiya avtoulovlar harakatini davlat raqamiga ko‘ra haftaning juft va toq kunlari bilan cheklashga ruxsat berishi mumkin. Elektromobillar uchun bunday cheklov joriy qilinmaydi.

Komissiya qarori bilan cheklovlar amal qiladigan ko‘chalar va hududlar, shuningdek, transport turlari belgilanadi. Toshkent shahri hududida yuk avtomobillari harakatini cheklash huquqi alohida qayd etilgan.

Bundan tashqari, komissiya havo sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan issiqxonalar va boshqa korxonalar faoliyatini vaqtincha yoki butunlay to‘xtatishi mumkin. Unga poytaxtdan boshqa hududlarga majburiy tartibda ko‘chiriladigan korxonalar va sanoat zonalarini belgilash vakolati berilmoqda.

Sanoat korxonalari uchun komissiya ruxsat etilgan chiqindilar hajmini belgilaydi, agar ular oshib ketsa, ularning ishi to‘xtatiladi. Shuningdek, u qurilishga cheklovlar va unga qo‘yiladigan talablarni, shu jumladan chang to‘siqlarini o‘rnatishni joriy etadi.

Oqar suvli suv havzalari (daryolar, kanallar, ariqlar) muhofaza hududlarida komissiya qurilishni man etish huquqiga ega bo‘ladi.

Komissiyaga bir hafta muddatda yirik (500 kv. m. dan) qurilishlarda ekologik talablarga rioya etilishi yuzasidan kompleks tekshiruvlar tashkil etish, shu jumladan:

  • kamida 25% maydonni ko‘kalamzorlashtirish;
  • suv purkagichlarni o‘rnatish;
  • kirish va chiqish joylarida avtotransport g‘ildiraklarini yuvish punktlarini tashkil etish;
  • qurilish materiallari yoki maishiy chiqindilarni tashishda brezent yoki PVXdan tayyorlangan chodirlardan foydalanish.

Belgilangan vakolatlar va vazifalar doirasidagi komissiya qarorlari va ko‘rsatmalari barcha davlat organlari, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar uchun bajarilishi majburiydir.