25-noyabr kuni Shavkat Mirziyoyev “Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi farmonni imzoladi.

Hujjat bilan poytaxtda ekologik vaziyatni yaxshilash yuzasidan kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi.

24-noyabr kuni prezident Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva Administratsiya hamda aloqador idoralar rahbariyati ishtirokida Toshkent shahridagi ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

So‘nggi kunlarda kuzatilayotgan havo ifloslanishi darajasi chuqur tashvish uyg‘otayotgani, poytaxt aholisini xavotirga solayotgani, bu tezkor va muvofiqlashtirilgan harakatlarni talab etayotgani qayd etildi.

Administratsiya rahbari mas’ullarning atmosfera havosining hozirgi holati, fuqarolar murojaatlari, jamoatchilikning taklif va tashabbuslari to‘g‘risidagi hisobotlarini tingladi. Mavjud vaziyatga ta’sir ko‘rsatayotgan asosiy omillar, odamlar salomatligi va ekologiyaga salbiy ta’sirni kamaytirish yo‘llari ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda o‘rnatilgan me’yorlar buzilgan hollarda havoni ifloslantirayotgan ishlab chiqarishlarga qarshi qat’iy choralar ko‘rish zarurligi alohida ta’kidlandi. “Odamlar salomatligi haqida gap ketganda, murosaga o‘rin yo‘qligi va bu tamoyil davlat uchun ham, biznes uchun ham birdek amal qilishi kerakligi qayd etildi”, deyiladi xabarda.

Saida Mirziyoyeva tezkor tartibda ishlab chiqilgan ekspert xulosalariga asoslanib, yaqin, o‘rta va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan, tezkor choralardan tortib, kelgusida bunday holatlar takrorlanishining oldini olishga qaratilgan tizimli yechimlargacha qamrab olgan kompleks takliflarni ilgari surdi.

Xususan, prezident Administratsiyasi rahbari tomonidan ekologik nazoratni kuchaytirish, ifloslantiruvchi obyektlar faoliyatini cheklash, qurilishga qo‘yiladigan talablarni qat’iylashtirish, shaharni keng ko‘lamda ko‘kalamzorlashtirish va havo sifatini nazorat qilishning zamonaviy tizimini yaratish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi. Prezident farmonida ushbu chora-tadbirlar asos qilib olingan.

Avvalroq Spot Toshkentdagi qurilish maydonlarida changga qarshi nazorat kuchaytirilgani haqida yozgandi. Qurilish inspeksiyasi barcha obyektlarda kunlik monitoringni yo‘lga qo‘yib, belgilangan hududlarni majburiy sug‘orish talabini belgiladi.