Dori vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish tartibi belgilandi. Bu haqdagi tegishli nizom hukumat qarori bilan tasdiqlandi.
Hujjatga ko‘ra, dori vositalari davlat ro‘yxatidan umumiy tartibda va tan olish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Bunda dori vositalari va O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan dori vositalarining yangi kombinatsiyalari ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Shuningdek quyidagilar ham:
- ilgari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, lekin boshqacha dori shakllarida, dozalarda yoki boshqa ishlab chiqaruvchi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari;
- ilgari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tkazilgan, turi, sifat tarkibi va (yoki) miqdoriy tarkibi, hujayra liniyasining biologik xususiyatlari va boshqa xususiyatlari o‘zgargan hujayra texnologiyasi asosida ishlab chiqarilgan biotexnologiya dori vositalari.
Ularni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish natijalariga ko‘ra amal qilish muddati 5 yil bo‘lgan ro‘yxatdan o‘tkazilganlik guvohnomasi beriladi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM Tibbiyot amaliyotida qo‘llanilishiga ruxsat etilgan dori vositalari va tibbiy jihozlar davlat reyestrini yuritadi.
Reyestr Sog‘liqni saqlash vazirligi va Markazning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi.
O‘zbekistonda referent narxlar qayta ko‘rib chiqilgach, 2,5 mingta dori narxi 60% gacha arzonlashishi haqida xabar berilgandi.
Avvalroq Spot Adliya vazirligi “Smekta” dori vositasining soxta ishlab chiqaruvchisiga 41 mln so‘m jarima solgani haqida yozgandi.
