Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Yig‘ilishda Urgutdagi aholi uy-joy, kanalizatsiya, ichimlik suvi, maktab, bog‘cha, shifoxona, biznes infratuzilmasi bilan bog‘liq masalalar yechimini anchadan beri kutayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuning uchun prezident tumanning “Quyi Kamangaron” mahallasidagi “Yangi O‘zbekiston” massiviga tutash hududdan 90 gektar qo‘shimcha joy ajratilishini maʼlum qildi. Bu yerda zamonaviy urbanistika asosida 100 ming aholiga mo‘ljallangan zamonaviy eko-shahar barpo etilishi e‘lon qilindi.
Yangi shaharda yo‘l, suv, kanalizatsiya, elektr, maktab, bog‘cha, shifoxona va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish, tadbirkorlik loyihalari uchun $50 mln ajratiladi.
Yangi shaharning 3 gektar maydonida tumanning 35 ta tashkiloti uchun yagona ma‘muriy markaz qurib beriladi. Ularning bo‘shagan binolari esa biznes uchun xususiy sektorga taklif qilinadi.
Prezident yirik sanoat korxonalarining o‘z ishchilari uchun korporativ buyurtma asosida bunday uylarni sotib olish bo‘yicha tashabbuslarini ma‘qulladi. Keyingi yildan bunday korxonalarni rag‘batlantiradigan mexanizmlar joriy qilinadi va butun respublikaga tatbiq etiladi.
Yana bir yangilik — Oqdaryo, Payariq, Pastdarg‘om, Toyloq va Samarqand tumanidagi 17,5 ming gektar hudud Samarqand shahriga qo‘shib beriladi. Buning hisobiga Samarqand shahri aholisi 604 mingdan 882 mingga yetadi.
Shu bois, aholisi va daromadi kundan kunga o‘sib borayotgan Samarqand shahrida zamonaviy uy-joylarga bo‘lgan talabni ta‘minlash uchun 3 ta yirik massiv tanlab olindi.
Jumladan, “Shirin” massivida 180 ming, “Temiryo‘l orti” hududida 100 ming, “Qorasuv-2” massivida 30 ming aholi uchun 700 dan ortiq zamonaviy ko‘p qavatli uylar barpo etiladi.
Bu yerlarda maktab, bog‘cha, oliygoh va shifoxona, zamonaviy biznes va savdo markazi, mehmonxona va restoran, ko‘ngilochar maskanlar ham quriladi.
Samarqand shahridagi 49 ta viloyat tashkiloti kelasi yil “Shirin” massiviga ko‘chadi. Shu yil oxirigacha bu massivni shahar markazi bilan bog‘lovchi “Qoradaryo” ustidan o‘tgan 577 metrli ko‘prik ishga tushiriladi.
Ispaniyalik investorlar bilan xususiy sheriklik asosida ushbu 3 ta massivning kanalizatsiya tizimi yangilanadi.
Shaharda yuk transporti harakatini kamaytirish maqsadida Oqdaryo, Toyloq va Samarqand tumanidan o‘tuvchi magistral yo‘l bo‘yida 4 ta logistika markazi barpo etiladi.
Avvalroq Spot Samarqand-Urgut temir yo‘li 2025-yil oxirigacha ishga tushirilishi kutilayotgani haqida yozgandi.
