Avvalroq prezident ishtirokida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tayotgani haqida xabar berilgandi.
Yig‘ilishda Urgutga yil boshidan 500 ming xorijiy va 1 mln mahalliy sayyoh kelgani taʼkidlandi.
Tadbirkorlar Zarafshon tog‘ tizmasida joylashgan “Qortog‘” zonasida 600 gektar maydonda turizm zonasi tashkil etish tashabbusini bildirgan. Yoki, “Qoratepa” suv ombori atrofida kemping va kapsula uylar qurib, “Eko shaharcha” barpo etilsa, turistlarga yil 12 oy xizmat ko‘rsatadigan maskanga aylanadi.
Shu bois, mutasaddilarga Urgutda turistik-rekreatsion zona direksiyasini tashkil etish, master-reja ishlab chiqib, lotlarni savdoga chiqarish topshirildi. Ushbu loyihaning infratuzilmasi uchun 50 mlrd so‘m mablag‘ ajratiladi.
Urgutdagi yondashuvlar asosida yana $245 mlnlik loyihalar hisobiga 8 ta tumanda 15 ming ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
Umuman, kelasi yil $600 mlnlik turizm loyihalarini boshlab, kamida 35 ming aholini band qilish zarurligi qayd etildi.
Urgutdagi mahallalar infratuzilmasiga kelasi yil 260 mlrd so‘m ajratilishi e‘lon qilindi. Urgutdagi Tinchlik mahallasi hududidan logistika markazi qurish uchun 5 gektar joy ajratilib, 5 mlrd so‘mlik infratuzilma qilib berilsa, 100 ga yaqin do‘kon, oshxona va servis obyektlari qurmoqchi bo‘lganlar ko‘pligi aytildi.
Tuman markazidagi 1,5 kilometrli “Navoiyshoh” ko‘chasini tunu-kun ishlaydigan maskanga aylantirish orqali 60 ta savdo-servis obyekti tashkil qilib, 500 nafar odamni ishli qilish mumkin.
Shuningdek, tumanning 8 ta mahallasi infratuzilmasini yaxshilashga Islom taraqqiyot bankidan $10 mln jalb qilinmoqda. Bundan tashqari, Tojikiston bilan chegaradosh 15 ta mahallada mehmon uyi va dam olish maskani qurishga 10 mlrd so‘m resurs yo‘naltirilmoqda.
Umuman, 2026-yilda viloyatdagi mahallalarda savdo va servis hisobidan 40 ming ish o‘rni yaratish muhimligi qayd etildi.
