Ichki bozorda xorijiy valyutaga bo‘lgan umumiy taklif talabdan biroz yuqori bo‘ldi. Bu haqda Markaziy bankning o‘n oy yakunlari bo‘yicha Ichki valyuta bozori sharhida keltirilgan.

2025-yilning yanvar-oktabr oylarida xorijiy valyutaga bo‘lgan talab $48,4 mlrdni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga oshdi. Taklif hajmi esa $41,2 mlrdga (Markaziy bank operatsiyalarini hisobga olmaganda) yetib, o‘sish 26% bo‘ldi.

Dastlabki 10 oyda yuridik shaxslar tomonidan chet el valyutasiga bo‘lgan talab o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 24% ga o‘sgan bo‘lsa, ular tomonidan valyuta taklifi 38% ga oshdi.

markaziy bank, valyuta bozori

Xo‘jalik yurituvchilarning eksport tushumlari hisobiga shakllanadigan valyuta taklifi 18% ga oshib, $14,5 mlrdni tashkil etdi. Mazkur eksport tushumlarining $8,1 mlrdi yoki 56%i ichki bozorda sotildi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 23% ga yoki $6,6 mlrdga ko‘pdir.

Shuningdek, ichki bozorga $7,3 mlrdlik valyuta mablag‘lari banklar tomonidan xorijiy kreditlar hisobidan sotildi, bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 62% yoki $2,8 mlrdga ko‘p.

Yanvar-oktabr oylarida importni moliyalashtirish manbalari tarkibida ichki valyuta bozorida sotib olingan mablag‘lar ulushi 64,8% ni (2024 yilda — 65%), xorijiy valyutadagi o‘z mablag‘lari hisobiga importni moliyalashtirish ulushi 23,7%ni tashkil etdi (23%).

Sotib olingan xorijiy valyuta quyidagi maqsadlar uchun xarid qilingan:

  • 51%i — ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importi;
  • 27%i — xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirish;
  • 17%i — xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon mahsulotlari importi;
  • 2%i — xorijiy investorlar daromadlarining repatriatsiyasi;
  • qolgan 3%i — boshqa maqsadlarda.

markaziy bank, valyuta bozori

Markaziy bank jismoniy shaxslar tomonidan banklar bilan amalga oshirilgan operatsiyalarning ijobiy saldosi ichki bozorda qo‘shimcha taklif manbai bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Bu davrda aholi tomonidan banklarga $17,4 mlrd sotilib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 1,3 barobarga ($13,2 mlrd) oshdi. O‘z navbatida, ular tomonidan $9,6 mlrd sotib olindi va ko‘rsatkich 24% ga ($7,7 mlrd) o‘sdi.

markaziy bank, valyuta bozori

Umuman, jismoniy shaxslar tomonidan xorijiy valyuta taklifi hajmi talab hajmidan $7,8 mlrdga ortiq bo‘ldi. Bu esa 2024-yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobar ko‘pdir.

Aholining banklarga valyuta sotuvining asosiy manbai xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatga $15,8 mlrd miqdorida valyuta mablag‘lari kelib tushgani bo‘ldi. Xalqaro pul o‘tkazmalari orqali mamlakatdan $2,2 mlrd olib chiqilgan.

Avvalroq dollar kursi so‘mga nisbatan 51 so‘m 43 tiyinga pasayib, 11 936,89 so‘mni tashkil etgani haqida xabar berilgandi.