25-noyabr kuni prezidentning “Qonunchilikdagi huquqiy bo‘shliqlarni bartaraf etish va tartibga solish yukini kamaytirish to‘g‘risida"gi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining Huquqiy axborot kanalida xabar berildi.

Hujjatga ko‘ra, amalda o‘z ahamiyati va dolzarbligini yo‘qotgan 800 ga yaqin qonunchilik hujjatlari “tartibga solish gilyotinasi” orqali bekor qilinadi.

Farmon bilan Tadbirkorlik va boshqa sohalardagi ayrim majburiy talablarni qisqartirish, tartibga solishni soddalashtirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Jumladan, tadbirkorlar uchun moliyaviy operatsiyalarni E-aktiv tizimida aks ettirish majburiyati bekor qilinadi. Ko‘chmas mulkka nisbatan garov huquqini ro‘yxatga olishda davlat xizmati narxi 2 baravarga kamaytiriladi.

Shaxsiy ehtiyoj uchun mamlakatga olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari to‘liq qayta ko‘rib chiqiladi.

Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan sabablarga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazmagan nogironligi bo‘lgan shaxslarga muqobil hujjatlar asosida soliq imtiyozlaridan foydalanish imkoni yaratiladi.

Hukumat qarori bilan joriy yilning 1-mayidan jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyoj uchun olib kiriladigan tovarlarning bojsiz olib kirish normalari havo transportida — $1000, temir yo‘l va daryo transportida — $500, avtomobil va piyoda o‘tish punktlarida — $300, xalqaro kuryerlik jo‘natmalarida — $200 hamda pochta orqali $100 etib belgilangan. Bojsiz olib kirish normasidan ortiq qismiga 30% to‘lov undiriladi.

Shu bilan birga, 20-iyuldan notijorat maqsadlarida tovarlarni olib kirish uchun xorijda bo‘lish tartibi quyidagicha belgilandi:

  • temir yo‘l va daryo transportida hamda avtomobil o‘tkazish punktlari orqali kirishda — 2 kun;
  • havo transportida — 3 kundan kam bo‘lmasligi kerak.

Oktabr oyida Yuksalish umummilliy harakati O‘zbekistonda tovarlarni bojsiz olib kirish normasi fuqarolarga qo‘shimcha xarajat yuklab, bozordagi raqobatga ta’sir ko‘rsatayotganini bildirgandi. Tashkilot import bojlarini pasaytirishga chaqirgandi.


Avvalroq Bojxona qo‘mitasi iPhone 17‘ni O‘zbekistonga olib kirish qanchaga tushishini tushuntirgandi. Qo‘mita AQSh, BAA, Janubiy Koreya hamda Xitoydan yangi iPhone 17ni olib kirish uchun belgilanadigan bojxona qiymatini tushuntirdi.