Ekopartiya raisi Abdushukur Xamzayev Toshkentdagi ekologik vaziyat yuzasidan partiya munosabatini bildirib, prezidentning poytaxtda havo sifatini yaxshilash bo‘yicha farmoniga izoh berdi. Bu haqda u 25-noyabr kuni Qonunchilik palatasi majlisida gapirdi.
Xamzayevning aytishicha, farmon asosida tuziladigan maxsus komissiya keng vakolatlarga ega bo‘ladi. Partiya fraksiyasi ushbu komissiya bilan hamkorlikda ishlaydi va o‘z takliflarini taqdim etadi.
Unga ko‘ra, bir hafta muddatda tegishli qonunchilik o‘zgartirishlari ishlab chiqiladi. Xususan, maydoni 200 kv metrdan katta issiqxonalarda chang va gaz tozalash uskunalari ishlamasligi yoki umuman bo‘lmasligi uchun jarimalarni oshirish taklif etilmoqda.
Shuningdek, shina, bitum va boshqa chiqindilarni yoqish holatlarida isitish qozonxonalarini davlat foydasiga musodara qilishni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etish ko‘zda tutilgan.
Xamzayev Ekopartiya ekologik monitoring bo‘yicha yangi qonun loyihasi tashabbusini ham ilgari surmoqchi ekanini maʼlum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident farmonidagi 18 band ijrosi ustidan parlament nazorati kuchaytiriladi.
“Partiya qoshida shtab tashkil etdik. Shtab ishlayapti, ekologik reydlar o‘tkazyapti. Natijalar bo‘yicha jamoatchilikka muntazam axborot beramiz”, — dedi u.
Shavkat Mirziyoyev 25-noyabrdagi farmonida Toshkent shahri va Toshkent viloyatining unga yaqin tumanlaridagi issiqxonalarni uzluksiz gaz bilan ta’minlashni topshirgan edi.
Spot, avvalroq, Toshkent va uning atrofidagi hududlarda havoning ifloslanishi sababli 18 issiqxona yopilgani haqida yozgandi.
