2026-yilda O‘zbekistonda asosiy soliq stavkalari o‘zgarishsiz qolishi kutilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligining kelgusi yil uchun budjetnomasida aytiladi.
Foyda solig‘ining bazaviy stavkasi 15%, QQS va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i (JSHDS) — 12%, ijtimoiy soliq — budjet tashkilotlari uchun 25% va boshqa ish beruvchilar uchun 12% darajasida saqlanib qoladi. Aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 4%ni, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq stavkasi 1,5%ni tashkil etadi.
Shu bilan birga, 1-yanvardan boshlab elektron savdo maydonchalarida tovarlar va xizmatlar sotuvchilari uchun soliqlarni umumiy stavkalarga keltirish rejalashtirilmoqda. Marketpleyslarda sotuvdan olinadigan foyda solig‘i 10% dan 15% gacha, aylanmadan olinadigan soliq 3% dan 4% gacha oshadi.
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha bo‘lgan o‘zini o‘zi band qilgan va yakka tartibdagi tadbirkorlar uchun aylanmadan olinadigan soliq 1% gacha pasaytiriladi. Shu bilan birga, YTTlar uchun qat’iy belgilangan JSHDS, shuningdek o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun 100 mln so‘mdan kam bo‘lgan daromadlar bo‘yicha soliq imtiyozlari bekor qilinadi.
Aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar umumbelgilangan soliq rejimiga (QQS va foyda solig‘i) o‘tganda yangi imtiyozlar joriy etilmoqda. Kompaniyalar yil davomida foyda solig‘ini to‘lashdan ozod qilinadi, shuningdek, buxgalterlar xarajatlari bo‘yicha 6 oy davomida har oyda MHEKMning 3,5 baravarigacha (4 448 500 so‘m) soliq chegirmasi beriladi.
Shuningdek, kompaniyalar uchun foyda chegarasi ikki barobarga oshiriladi. Bu chegara o‘tgandan so‘ng, ular har oyda foyda solig‘i bo‘yicha avans to‘lovlarini amalga oshirishlari shart bo‘ladi. 2026-yildan boshlab esa, mazkur chegara 10 mlrd so‘mdan 20 mlrd so‘mga ko‘tariladi.
Kompaniyalar asosiy vositalarning jadal amortizatsiyasiga ruxsat beruvchi prezident qarorlariga muvofiq 3 yilgacha foyda solig‘i bo‘yicha imtiyozlarga ega bo‘lishi mumkin. Norezidentlarga to‘lanadigan dividendlardan soliqlarni to‘lashda ilgari soliqqa tortilgan dividendlar bo‘yicha to‘langan soliqlar chegirib tashlanadi.
Yer, mol-mulk, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq stavkalari, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliqning qat’iy belgilangan stavkalari, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini ijaraga berishning eng kam stavkalari oshiriladi. O‘rtacha indeksatsiya 7% ni tashkil etadi.
Yuridik shaxslar uchun yer va mol-mulk solig‘i bo‘yicha imtiyozlardan foydalanishda maqsadli ko‘rsatkichlarni joriy etish rejalashtirilmoqda. Xususan, ularning ishchilar soni va tovar aylanmasi hisobga olinadi.
Quyidagilar uchun istisno qilinadi:
- to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi yuridik shaxslar;
- mahsulot taqsimotiga oid bitimlar (MTB) ishtirokchilari;
- nogironligi bo‘lgan shaxslarning jamoat birlashmalari tomonidan ta’sis etilgan korxonalar;
- 2026-yil 1-yanvar holatiga maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari;
- notijorat va budjet tashkilotlari.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarining o‘z mahsulotlarini sotishiga qo‘yiladigan QQS stavkasi nolga tushiriladi. Shuningdek, qurilish materiallari ishlab chiqarish uchun gips xomashyosini qazib olish va qayta ishlashda yer qa’ridan foydalanish solig‘i ikki baravarga kamaytiriladi.
Avvalroq Spot xorijiy bigtex to‘qqiz oyda O‘zbekistonda qancha soliq to‘lagani haqida yozgandi.
Yanvar-sentabr oylarida xorijiy IT-kompaniyalar tomonidan to‘langan soliqlar o‘tgan yilga nisbatan 44% ga o‘sib, 124,8 mlrd so‘mni tashkil etdi.
