Wildberries O‘zbekistonda WB Taxi taksi chaqirish xizmatini texnik ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu haqda marketpleys matbuot xizmati Spot’ga ma’lum qildi.

Dastlabki bosqichda loyiha “yopiq klub” shaklida faoliyat boshlaydi. Bu kompaniyaga nazorat qilinadigan boshlanishni ta’minlash va mijozlarga eng qulay foydalanish sharoitlarini yaratish imkonini beradi.

Xizmatni sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lgan foydalanuvchilarning birinchi to‘lqiniga marketpleys xodimlari va hamkorlari kiradi.

Ularga, shuningdek, barcha kelajakdagi yo‘lovchilar uchun qulay tariflar, mashina tez yetib kelishi va safar narxining 50%i miqdorida “tarvuz” — kompaniyaning maxsus virtual valyutasida keshbek olish imkoniyati taqdim etiladi. Bu keshbek naqd pulsiz to‘lov qilganlar uchun beriladi.

WB Taxi haydovchilarga qulay hamkorlik shartlarini taklif qiladi. Asosiy afzalliklar qatoriga agregatorning past komissiyasi va xizmat sifati talablariga rioya qilingan holda smenada kafolatlangan daromad kiradi.

“Yopiq klub shaklida boshlash bizga xizmatni rivojlantirish masalalariga maksimal e’tibor qaratish imkonini beradi”, — dedi WB Taxi rahbari Anatoliy Smorgonskiy.

Smorgonskiyning qayd etishicha, mahsulot bosqichma-bosqich ishga tushiriladi va tizimning barcha elementlari qanday ishlayotganini sinchiklab kuzatib boriladi.

Bunda klub ishtirokchilarining fikr-mulohazalari esa xizmatni yaxshilash va uni kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rishda bizga yordam beradi.

O‘zbekistonda WB Taxi rivojlanishining keyingi bosqichlari ish geografiyasini kengaytirish va xizmatni keng ommaga bosqichma-bosqich taqdim etishni o‘z ichiga oladi.


Avvalroq Wildberries marketpleysi UzPost pochta operatoridagi davlat ulushini sotib olgani haqida xabar berilgandi.

OAV ma’lumotlariga ko‘ra, kelishuvga ancha vaqt tayyorgarlik ko‘rilgan va Wildberries’ning O‘zbekistonda ulkan qiziqishlari bor. Bitim qiymati noma’lum.