Pavel Kim 2017-yilda DIP Animation studiyasini tashkil etgan. Dastlab jamoa yirik brendlar uchun reklama roliklarini tayyorlash bilan shug‘ullangan — studiyaning portfoliosidan KFC, Adrenaline Rush, Yandeks, Gazprom va Osstem kabi loyihalar o‘rin olgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan e’tibor original kontent yaratishga qaratila boshlangan.

2018-yilda studiya o‘zining birinchi qahramoni — Do‘ppi ismli do‘ppi pomidorni taqdim etdi. Dastlab u reklama kampaniyasining bir qismi sifatida o‘ylab topilgan bo‘lsa-da, vaqt o‘tishi bilan mustaqil qahramonga aylandi. Bugungi kunda “Pomidor do‘ppi” multseriali MDH mamlakatlarida, shuningdek, Xitoy va Ispaniyada 50 dan ortiq striming platformalarida namoyish etilmoqda.

Tashqi yutuqlarga qaramay, ular kadrlar yetishmasligi, sanoatning rivojlanmaganligi, boshqaruv hamda ishlab chiqarish jarayonlaridagi uzilishlari kabi bir qator qiyinchiliklarga duch kelgan. Mamlakatda animatorlar bazasi bo‘lmaganligi sababli, kompaniya mutaxassislarni o‘zi tayyorlashiga tog‘ri kelgan. Bugungi kunda studiya universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yib, o‘quv kurslarini o‘tkazmoqda, shuningdek, O‘zbekistonda endigina shakllanayotgan animatsiya sanoati uchun kadrlar zaxirasini yaratmoqda.

Pavel Spot’ga o‘z sohasida shunchaki mutaxassis bo‘lishning o‘zi yetarli emasligi, “abadiy jamoa” haqidagi ishonchning qanday parchalangani, ideal paytni kutib o‘tirmaslik kerakligi hamda studiyani yopilish arafasiga olib kelgan xato haqida gapirib berdi.


Malakasiz xodimlarni ishga olish

Studiyani endi ochganimizda bozorda animatsiya bo‘yicha mutaxassislar deyarli bo‘lmagan. Jamoamizga turli xil odamlar kelardi: ayrimlari Paint dasturida ishlagan, boshqalari dizayner, ammo ularning deyarli hech birida animatsiya sohasida haqiqiy tajriba yoki bu industriya bo‘yicha tushuncha bo‘lmagan. Imkon qadar grafikadan xabardor bo‘lgan odamlarni ishga olardik.

Bu birinchi jiddiy xatomiz edi, chunki biz kadrlarni rivojlantirish tizimini boshidan yaratish o‘rniga, kadrlar bo‘shlig‘ini zarur tayyorgarlikka ega bo‘lmagan odamlar bilan to‘ldirishga uringanmiz. Oqibatda, ta’lim berish uchun ko‘p resurslarni sarflashga majbur bo‘ldik. Bu xodimlar ko‘pincha studiyaning maqsadlarini to‘liq tushunmas, kerakli soft-skil'gal ega emas, tanqidni qabul qilishni va vazifalarni to‘g‘ri qo‘yishni bilmasdilar. Natijada ishlab chiqarish jarayonini sekinlashdi.

Bir nechta shunday “malakasiz xodim yollash"lardan so‘ng, muammoga tizimli yondashish kerakligini angladik. Bozor hali shakllanmagani, tayyor mutaxassislar yo‘qligi sababli, ularni o‘zimiz noldan tayyorlashga qaror qildik. Shu maqsadda animatsiya bo‘yicha kurslarimizni ishga tushirdik. Keyinchalik Puchon universiteti bilan memorandum imzolab, o‘z uslubimizni ularning multimedia kafedrasi o‘quv dasturiga joriy etdik.

Hozirda dasturda uchta yo‘nalish mavjud: 3D-animatsiya, 3D-generalistika va konsept-art. Biz animatorlar, 3D-mutaxassislarni tayyorlaymiz — ular modellash, UV-yoyilmalar, teksturalash, renderlash bilan shug‘ullanadilar. Shuningdek, badiiy yo‘nalishdagi mutaxassislarni ham o‘qitamiz. Bu mutaxassislar rasm chizish, konsepsiyalar yaratish, shuningdek, vizual g‘oyalarni ishlab chiqarish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Ayni paytda dasturda 100 dan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ular orasidan ko‘pincha studiyamiz uchun eng iqtidorli o‘quvchilarni tanlab olamiz. Hozirda 7 ta bitiruvchimiz biz bilan ishlayapti, yana bir nechtasi amaliyot o‘tamoqda.

Bundan tashqari, xodimlarimiz bepul oliy ma’lumot olishlari, eng iqtidorlilari esa “El-Yurt Umidi” grant dasturi orqali dunyoning nufuzli universitetlariga o‘qishga kirishlari mumkin. Bu tizimli yondashuv bo‘lib, u asta-sekin barqaror kadrlar zaxirasini shakllantirib boradi.

Qayerga sotishni bilmasdik

Kontent yaratish, renderlar qilish, animatsiya va o‘z qahramonlarimizni yaratish bo‘yicha tushuncha bo‘lgan. Ammo bularni keyinchalik qanday ishlatishni bilmasdik. Xizmat ko‘rsatuvchi studiya sifatida faoliyatimiz davomida boshqalar uchun reklama hamda videoroliklar tayyorlash imkoniyati ham mavjud edi. Biroq, har doim bundan ham ko‘proq narsaga intilardim.

Muammo shunda ediki, o‘sha paytda O‘zbekistonda bolalar kontenti sanoati mavjud emas, biz materiallarimizni qayerga sotishni bilmasdik. SMM-agentliklar bilan hamkorlik qilishga urinib ko‘rdik, marketologlarni ishga oldik, mahalliy telekanallarga murojaat qildik, ammo bularning barchasi tartibsiz postlar joylashtirish hamda farazlarni tasodifiy sinovdan o‘tkazishga olib keldi, xolos. Bu menga ma’qul kelmas, strategik va tizimli yondashuvni xohlardim.

Bu ishni professional darajada bajara oladigan insonni uzoq vaqt izladik. Oxir-oqibat, tavsiyaga ko‘ra, Rossiyadagi yirik animatsiya studiyalaridan biri bo‘lmish Wizart Animation’da, keyinchalik esa STS telekanalida “Tri kota” loyihasi ustida ishlagan mutaxassisni topdik. Dastlab, hamkorligimiz vaqtinchalik edi: kanalimizni tahlil qilib, marketing bo‘yicha strategik rejalar ishlab chiqdik. Aynan shu mutaxassis tufayli biz yaratgan mahsulotni turli mamlakatlarga hamda platformalarga sotish mumkinligi haqidagi tushunchaga ega bo‘ldik.

Keyinchalik u bizga to‘liq stavkaga ishga o‘tgach, “Do‘ppi pomidor” multserialini ommashtirish bilan shug‘ullana boshladik. Hozirda bu multserial MDH va boshqa mamlakatlardagi 50 dan ortiq onlayn platformalarda, jumladan, Kinopoisk, IVI, START, KION, Megogo va iTV kabi yirik xizmatlarda namoyish etilmoqda.

Hozirda to‘laqonli distribyutsiya yo‘nalishimiz shakllanib bo‘ldi. Biz nafaqat o‘z seriallarimiz bilan ishlashni, balki boshqa studiyalarning loyihalarini ham — multfilmlardan tortib to‘liq metrajli filmlargacha tarqatishni maqsad qilganmiz.

Bundan tashqari, 5, 10 va hatto 50 yilga mo‘ljallangan uzoq muddatli marketing strategiyasini ishlab chiqdik. Yaqin kelajakda o‘z seriallarimizni ishga tushirish hamda muayyan xalqaro bozorlarga kirib borishga e’tibor qaratmoqdamiz. Ustuvor yo‘nalishlardan biri yirik mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirishdir. Endi nafaqat o‘z qahramonlarimizni yaratishni, balki xizmat ko‘rsatuvchi studiya sifatida faoliyat yuritishni ham maqsad qilganmiz.

Mutaxassis bo‘lishning o‘zi yetarli emas

Boshida menga animatsiya qilish, montaj va prodyuserlikni bilishning o‘zi kuchli studiya qurishga yetarlidek ko‘rinardi. Biz kontent yaratardik, bor kuch-g‘ayratimizni sarflardik — natija albatta o‘sishga olib kelishiga ishonch hosil qilgandim. Biroq tez orada bu yetarli emasligini tushunib yetdim.

Jamoani boshqarish, biznesni rivojlantirish va jarayonlarni yo‘lga qo‘yish butunlay boshqa darajadagi mas’uliyatni talab etadi hamda mutlaqo farqli ko‘nikmalarni taqozo qiladi.

Ish vazifalari tobora ko‘payib borar, ijodkorlikdan tortib buxgalteriyagacha bo‘lgan barcha narsani eslab qolishga majbur edim. Hamma narsani o‘zim nazorat qilishga urinib, boshqalarga ishonmadim va oqibatda “yonishni” boshladim. Bu xavotirli signal edi. Tezlik bilan o‘zgarish kerak edi.

Ijrochidan boshqaruvchiga o‘tmasam studiya yashab qola olmasligini tushunib yetdim. Qayta o‘qishga to‘g‘ri keldi. Biznes boshqaruvi, moliyaviy savodxonlik, vakolatlarni taqsimlash hamda qaror qabul qilish bo‘yicha kurslarda o‘qidim. Shundan so‘ng kompaniyaga boshqacha nuqtai nazardan qarashni o‘rgandim — uni faqat loyiha, balki odamlar, muloqot, tuzilma va motivatsiya ham muhim bo‘lgan jonli, murakkab tizim sifatida idrok eta boshladim.

Shunchaki mutaxassis bo‘lish yetarli emasligini anglagan holda, studiyaning tashkiliy tuzilmasini qayta ko‘rib chiqdim. Ilgari men va bevosita mendan fikr-mulohaza so‘raydigan mutaxassislar jamoasi mavjud edi. Endi esa bizda aniq rollar hamda mas’uliyat sohalari taqsimoti joriy etildi. Biz jarayonning o‘zini o‘zgartirmadik, lekin ishni yengillashtirib, boshqaruvchanlikni oshirish maqsadida ko‘proq oraliq bosqichlarni kiritdik.

Dastlab men texnik va tashkiliy vazifalarni: rejalashtirish, hisobot berish, pudratchilar bilan aloqa o‘rnatish, qisman boshqaruv masalalarini boshqalarga topshirdim. Albatta, ayrim vazifalarni o‘zim bajarishimga to‘g‘ri keladi, chunki malakali xodimlar yetishmasligi bugungi kunda dolzarb muammo hisoblanadi. Biroq umuman olganda, iloji boricha ko‘proq vazifalarni boshqalarga topshirishga xarakat qildim.

Menda ijodiy qismni nazorat qilishdan voz kechish istagi avval ham, hozir ham bo‘lmagan. Aksincha, buni o‘zimning asosiy mas’uliyatli soham, deb hisoblayman.

Ushbu o‘zgarishlardan so‘ng, samaradorlik sezilarli darajada oshdi. Seriyalarni tezroq chiqaryapmiz, ish muhiti tinchlashdi, jamoa o‘ziga bo‘lgan ishonch bilan faoliyatini davom ettirmoqda. Har bir xodim o‘z mas’uliyat doirasini aniq tushunadi — studiya hunarmandchilik ustaxonasidan asta-sekin vazifalari taqsimlangan, barqaror jarayonlarga ega bo‘lgan haqiqiy kompaniyaga aylandi. Bu o‘zgarishlar ish sifatiga, sur’atiga ham, umumiy ishtirok darajasiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi — kasbiy charchash hollari kamayib ichki ish ritmi barqarorlashdi.

Menimcha, bu o‘zgarishlarsiz studiya shunchaki barbod bo‘lardi.

“Abadiy jamoa"ga bo‘lgan ishonch

DIPni ishga tushirganimda, xayolimda chiroyli manzara bo‘lgan: birgalikda boshlayapmiz, o‘samiz, o‘z ofisimizga ko‘chamiz, yuqori qavatda o‘tirib, shahar manzarasini tomosha qilgan holda qahva ichamiz va bu holat uzoq yillar davom etadi. Chin dildan ishonardimki, birinchi xodimlar oxirigacha qolib, xuddi kinolardagidek ajoyib jamoaga aylanamiz.

Bir yil o‘tgach, xodimlardan biri universitetda o‘qishga ketdi, boshqasi esa o‘z shahriga qaytib ketdi. Bir payt kelib, 35 kv. mlik kichkina ofisda yolg‘iz qolganimni angladim. Bu og‘riqli, biroq muhim tajriba bo‘ldi. Qanchalik mantiqiy va chiroyli ko‘rinmasin, hamma narsa ham rejalashtirganim bo‘yicha ketmasligini tushunib yetdim.

Shundan so‘ng, o‘zimga asta-sekin sarmoya kiritishni boshladim. Turli kurslarda qatnashdim, o‘nlab kitoblarni mutolaa qildim, ustozlar topdim: yetakchilik va jamoa qurishdan tortib, muzokaralar olib borish va shaxsiy samaradorlikni oshirishgacha. Sekin-asta biznesga bo‘lgan qarashim o‘zgardi: uni shunchaki ishonish kerak bo‘lgan orzu sifatida emas, balki qurish hamda voqelikka moslashtirishni talab qiladigan tizim sifatida ko‘ra boshladim.

Hozir tushunib yetdimki, jamoa o‘zgarib turishi tabiiy jarayon. Kimdir ketadi, kimdir keladi, ba’zilar esa loyihadan butunlay o‘sib chiqib ketadi. Asoschining vazifasi esa har qanday yo‘l bilan hamma xodimlarni ushlab qolishga urinish emas, balki xodimlar tarkibidan qat’i nazar ishlaydigan barqaror va moslashuvchan tizimni yaratishdir.

Mukammal paytni kutish — hech qachon harakat qilmaslik bilan barobardir

2013-yil. Menda “Yer va Oy” qisqa metrajli filmining g‘oyasi paydo bo‘lgandi. Bu haqda o‘yladim, boshqalar bilan maslahatlashdim, muhokama qildim, ammo hech narsa amalga oshmadi. Go‘yo ideal vaqtni — kerakli jamoa va moliyalashtirishni kutish zarurdek tuyulardi.

Aslida, “Yer va Oy” filmini oldinroq yaratsa bo‘lardi, lekin o‘sha paytda menda ichki tayyorgarlik yetishmasdi. Biz hali yetib kelmagan qulay paytni kutib turgandik.

Loyihani 2025-yilga kelib amalga oshirdik — chunki aynan bu vaqtda jamoamiz shakllangan va parallel loyihalarni olib borish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Hammasi oddiy harakatdan boshlandi — men shunchaki ishga kirishdim. Ozarbayjonlik iqtidorli 2D-animator Firangizni topdim: u darhol loyihaga qo‘shildi. Keyinchalik moliyalashtirish ham yo‘lga qo‘yilib, hamma narsa o‘z-o‘zidan rivojlana boshladi.

Film rasman namoyish etilmadi, chunki u hozirda post-prodaksiya bosqichida. Loyihani Ozarbayjon Madaniyat vazirligiga taqdim etdik va ular uni qo‘llab-quvvatlashdi. Bu studiyamiz va Ozarbayjon tomonining qo‘shma ishlab chiqarishi bo‘ladi. Ular yakuniy bosqichlar — ovoz berish, kompozitsiya, montaj hamda boshqa ishlar uchun mablag‘ ajratadi, bu ishlarning bir qismi Ozarbayjonda amalga oshiriladi. Tugatilgandan so‘ng, filmni xalqaro festivallarga taqdim etishni rejalashtirmoqdamiz.

Bu tajriba shuni ko‘rsatdiki, kutishning foydasi yo‘q, kichik ishlardan boshlash muhim. Aynan harakat — energiya, mablag‘ hamda kerakli odamlarni jalb qiladi, kutganda esa hech narsa yuz bermaydi. Biz jamoani ortiqcha yuklamasdan parallel loyihani amalga oshira olishimizni tushunish va kuchlarimizni sinab ko‘rish maqsadida ongli ravishda murakkab dramaturgiyasiz oddiy bir hikoyani tanladik. “Yer va Oy” bizning ilk tajribamiz bo‘ldi — boshlash xavfli bo‘lgan yanada ulkan g‘oyalarga qo‘yilgan birinchi qadam edi.