27-noyabr kuni prezident tomonidan imzolangan qonun bilan Bojxona kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, boj tarifi bilan belgilangan stavkalar miqdoridagi bojxona bojlari, tovarni jo‘natuvchi va eksport qiluvchi mamlakatdan qat’i nazar, O‘zbekiston savdo-iqtisodiy munosabatlarida eng ko‘p qulaylik berish rejimini qo‘llayotgan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi.

Savdo-iqtisodiy munosabatlarda eng ko‘p qulaylik berish rejimi nazarda tutilmagan mamlakatlarda ishlab chiqarilgan yoxud ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan boj tarifidan tashqari qo‘shimcha bojxona boji undiriladi. Amaldagi tahrirdagi Bojxona kodeksining 300-moddasiga ko‘ra, ushbu tovarlarga ikki baravar stavkada boj solinadi.

Qo‘shimcha bojning miqdorlari quyidagicha belgilanmoqda:

  • bojxona bojining advalor stavkasi turi 10% gacha bo‘lgan tovarlarga nisbatan — 5%;
  • 10% dan 20% gacha — 10%;
  • 20% dan 30% gacha — 15%;
  • 30% va undan yuqori — 20%.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 3 oy o‘tgach — 28-fevraldan kuchga kiradi. Senat ushbu qonun loyihasini joriy yilning iyun oyida ma’qullagandi.

Avvalroq xorijdan tovarlarni bojsiz olib kirish normasi to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi haqida xabar berilgandi. Bundan tashqari, ko‘chmas mulk garovini ro‘yxatga olish xizmati narxi 2 baravar kamaytiriladi.