O‘zbekistonda amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish va informatorlarni himoya qilish bo‘yicha qonun loyihalari ishlab chiqilgan. Bu haqda Xalqaro valyuta jamg‘armasi xodimlarining missiya yakunlari bo‘yicha bayonotida aytiladi.

“Missiya “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida"gi qonunning tasdiqlanishi va korrupsiya faktlarini fosh qiluvchi axborot beruvchilarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi hamda aktivlarni deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini Parlamentga ko‘rib chiqish uchun topshirish bo‘yicha harakatlarni olqishlaydi”, — deyiladi xabarda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati Spot so‘roviga javoban ma’lum qilishicha, hozirda quyi palataga axborotchilarni himoya qilish va aktivlarni deklaratsiyalash to‘g‘risidagi qonun loyihalari kiritilgani haqida ma’lumotga ega emas.

2024-yil may oyida Xalqaro valyuta jamg‘armasi O‘zbekiston hukumatiga yaqin kelajakda aktivlarni deklaratsiyalash va manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunlarni amalga kiritishni tavsiya qilgan edi.

Mart oyida Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashining kengaytirilgan yig‘ilishida Shavkat Mirziyoyev o‘z nutqida O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish vaqti kelganini aytib, bu masalada jamoatchilik fikri muhim rol o‘ynashini ta’kidlagan edi.

Mutasaddilarga tez fursatda ushbu qonun loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yib, 1-aprelgacha kiritish topshirildi.

Prezident noqonuniy boylik orttirganlik uchun javobgarlik joriy etish masalasini ko‘rib chiqish zarurligini ta’kidladi. Xususan, qonunchilikka noqonuniy boylik orttirish to‘g‘risidagi moddani kiritish taklif etildi. Bunda davlat xizmatchisi o‘zining deklaratsiyalanayotgan daromadiga mos kelmaydigan mol-mulkni qayerdan olganini isbotlashi kerak bo‘ladi.

Aprel oyida Mirziyoyev may oyi oxirigacha “Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiya to‘g‘risida"gi qonun loyihasini tayyorlash vazifasini qo‘ygan edi. Unda deklaratsiyalarni tuzish, shuningdek ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshirish tartibi ko‘rsatilishi kerak.


Avvalroq Spot XVJ O‘zbekistonda iqtisodiyot va inflyatsiya o‘sishi tezlashishini prognoz qilayotgani haqida yozgandi.