Bloomberg xabariga ko‘ra, OpenAI Kaliforniya sudiga ChatGPT’ning o‘smir Adam Reynning o‘limiga aloqadorligi bo‘yicha ariza topshirdi.

Ota-onalarining aytishicha, chat-bot ularning 16 yoshli o‘g‘li “o‘z joniga qasd qilishni istayotganini aytganida” favqulodda yordam protokolini ishga tushirmagan.

Shuningdek, o‘limidan bir necha soat oldin u ChatGPT’ga o‘z joniga qasd qilish rejasini tasvirlovchi chizma yuborib, bu usul ishlaydimi, deb so‘ragan. Da’voda qayd etilishicha, ChatGPT unga bu “usulni takomillashtirishga” yordam berishni taklif qilgan.

OpenAI o‘smirning o‘limini “fojia” deb atadi, biroq “to‘liq chat yozishmalari” voqea ChatGPT tufayli sodir bo‘lmaganini ko‘rsatishini bildirdi.

Kompaniyaning ta’kidlashicha, chat-bot Reynni 100 martadan ortiq yordam so‘rashga chaqirgan, ammo u bu cheklovlarni chetlab o‘tishga uringan. Masalan, o‘smir o‘zini “badiiy hikoya yozayotganini” aytgan, deb yozadi NBC News.

Shuningdek, kompaniya xizmatdan foydalanish shartlaridagi bir nechta qoidalarni eslatib o‘tdi: 18 yoshgacha bo‘lganlar ota-onasi roziligisiz chat-botdan foydalana olmaydi; uni “o‘z joniga qasd” yoki “o‘ziga zarar yetkazish” mazmunida ishlatish mumkin emas; xavfsizlik cheklovlarini aylanib o‘tish taqiqlanadi. OpenAI, shuningdek, o‘zining javobgarlikni cheklashga doir bandini ham ko‘rsatdi.

Oila vakili — Reynlar advokati esa OpenAI “aybni boshqalarga yuklashga urinmoqda”, o‘smir esa botni “u qanday dasturlangan bo‘lsa, aynan shunday ishlatganini” ta’kidlab chiqdi.

OpenAI o‘z saytida ham bayonot e’lon qilib, oilaga hamdardlik bildirdi, biroq sud “to‘liq manzarani”, jumladan Adamning ruhiy holati va hayotiy sharoitlarini ham ko‘rib chiqishi kerakligini qayd etdi.


Avvalroq ChatGPT’ga berilgan so‘rovlarning qo‘pol va qat’iy shaklda ifodalanishi uning javoblarining aniqligini oshirishi haqida xabar berilgandi.