Adliya vazirligi Soliq hisoboti shakllariga o‘zgartirishlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazdi. Bu haqda vazirlikning Huquqiy axborot kanali xabar berdi.
Ushbu hujjatda ayrim qonunchilik hujjatlari qabul qilinganligi munosabati bilan soliq hisoboti shakllarini to‘ldirish bilan bog‘liq bir qator yangiliklar belgilandi.
Yillik aylanmasi 1 mlrd so‘mgacha YTTlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar uchun aylanmadan olinadigan soliq stavkasi 1% etib belgilanganligi bois, bu bo‘yicha hisobotning soddalashtirilgan shakli joriy qilinmoqda.
Tadbirkorlar 100 kVtgacha quvvatga ega qayta tiklanuvchi energiya manbalari orqali umumiy tarmoqqa elektr energiyasi sotib, olgan foydasiga nol soliq stavkasi qo‘llanadi. Shu sababli soliq hisobotlariga ushbu masala bo‘yicha tegishli o‘zgarishlar kiritilmoqda.
Tuman va shaharlarning iqtisodiy rivojlanishi darajasidan kelib chiqib, xalq deputatlari kengashlari ijara to‘lovining eng kam stavkalarini 2 baravargacha oshirish koeffitsiyentini joriy etish huquqiga ega.
Shu munosabat bilan jismoniy shaxslar tomonidan mol-mulkni ijaraga berish bo‘yicha stavka to‘ldirishi bekor qilinmoqda. Mazkur hujjat 2026-yildan kuchga kiradi.
Spot, avvalroq, O‘zbekistonda 2026-yilda soliq stavkalarini qanday o‘zgartirish rejalashtirilayotgani haqida yozgandi.
