Poytaxt bozorlarida sotuvchilar uchun to‘lovlar elektronlashtiriladi

Toshkent shahrining Eski Juva (Chorsu) va Mirobod bozorlaridagi sotuvchilar uchun barcha to‘lovlar elektron tizim orqali amalga oshiriladi.

Bunga quyidagilar kiradi:

  • undirib olinadigan bir martalik (bozor pattasi) to‘lov;
  • inventarlarni ijaraga berish va ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun undiriladigan to‘lovlar;
  • bino va inshootlardan foydalanganlik uchun ijara to‘lovlari;
  • umumiy foydalaniladigan obyektlarni saqlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlar.



Barcha “zapravka"larda AI-80 benzinini sotish taqiqlanadi

Prezidentning tegishli qarori bilan ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi ishlarni kuchaytirish chora-tadbirlari belgilangan.

Xususan, O‘zenergoinspeksiya hamda Ekologiya qo‘mitasiga 1-dekabrdan boshlab avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 benzinini sotishning oldini olish bo‘yicha qat’iy nazorat o‘rnatish topshirildi. Bunda ishlarni aholini sifatli va ekologik toza yoqilg‘i bilan ta’minlagan holda amalga oshirish nazarda tutilgan.

Bundan tashqari, dekabrdan boshlab Toshkent shahri hududida yuk avtotransport vositalari harakatini tig‘iz vaqtlarda cheklash amaliyotini yo‘lga qo‘yish belgilangan. Bunda Ichki ishlar vazirligi ushbu tartib joriy qilinadigan ko‘chalarni alohida belgilab beradi.


Nikohni rasmiylashtirishda tibbiy ko‘rik natijasini topshirish talabi bekor qilinadi

Prezidentning tegishli farmoni bilan idoralararo axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish orqali quyidagilar bekor qilinadi:

  • nikohni rasmiylashtirishda FHDYO organlari tomonidan nikohlanuvchi shaxslardan tibbiy ko‘rik natijalarini taqdim qilish talabi;
  • nikohdan sud qarori asosida ajratilganda nikohdan ajralganlik haqidagi dalolatnoma yozuvini shakllantirish uchun FHDYO organlari tomonidan sud qarorining talab qilinishi;
  • avtomototransport vositasining ro‘yxatdan o‘tganlik guvohnomasida avtomototransport vositasi mulkdorining manzilini ko‘rsatish talabi.

Tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat va kafillik taqdim etiladi

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi tomonidan tadbirkorlarga qo‘shimcha kafolat yoki kafillik taqdim etiladi. Uning sharti quyidagicha:

  • yirik tadbirkorlarga 10 mlrd so‘mgacha, biroq kredit, lizing, bank kafolati va akkreditivlarning 50% idan ortiq bo‘lmagan miqdorda;
  • o‘rta va yirik tadbirkorlarning ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va “yashil” iqtisodiyot yo‘nalishidagi yirik loyihalariga aylanmadan kelib chiqib, 10 mlrd so‘mdan ortiq bo‘lgan miqdorda;
  • kafillikdan ijobiy foydalangan va yaxshi kredit tarixiga ega tadbirkorlarga kafillik miqdorini 1,5 baravargacha oshirgan holda;
  • garov ta’minoti bo‘yicha taqchillikni bartaraf etish uchun barcha tadbirkorlarga kredit, lizing, bank kafolati hamda akkreditivlarga.

Iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqadigan yagona raqamli tizim yaratiladi

Iste’molchilarning murojaatlarini ko‘rib chiqish samaradorligini oshirish maqsadida “iste'molchi-tadbirkor-nodavlat notijorat tashkilotlar-davlat organlari” tizimi joriy etiladi.

Bunda iste’molchilarning barcha murojaatlari Raqobat qo‘mitasida ishga tushiriladigan “Iste'molchi murojaati” axborot tizimi orqali qabul qilinadi va barcha bosqichlarda monitoring qilib boriladi.

Tizim orqali barcha tadbirkorlarga iste’molchilardan murojaatlar kelib tushgani haqida xabar yuboriladi. Buning uchun Iste’molchi murojaati tizimi Soliq qo‘mitasining yagona axborot tizimiga integratsiya qilinadi.

Ro‘yxatga olingan murojaat, birinchi navbatda, tadbirkor tomonidan Raqobat qo‘mitasi nazorati ostida 10 kun ichida ko‘rib chiqiladi, agar u ijobiy hal etilmasa, murojaatchining tanloviga ko‘ra qo‘mitaga yoki NNTga o‘rganib chiqish uchun yuboriladi.

Bunda iste’molchi huquqlarining buzilishi holatlari mavjud bo‘lganda, NNTlar tadbirkorga ixtiyoriy tartibda huquqbuzarlikni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatma beradi.

Agar tadbirkor 10 kun ichida huquqbuzarlikni ixtiyoriy tarzda bartaraf etmasa, NNTlar holat yuzasidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha tegishli vakolatli davlat organlariga tizim orqali yoki sudga murojaat qiladi.


Notarial xizmatlarda nikoh shartnomasini so‘rash bekor qilinadi

Mamlakatda notarial tasdiqlangan nikoh shartnomalari nusxasini Notarius axborot tizimiga majburiy yuklash tartibi joriy etiladi. Bu orqali ularning aslini notariuslar tomonidan talab qilish bekor qilinadi.

Bunda notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni qayd etilgan audio va videoyozuvlar elektron qurilmalarda saqlanadi hamda ularni tizimda to‘g‘ridan to‘g‘ri notarial harakatga biriktirish va saqlash imkoniyati yaratiladi.


Turizm sohasidagi mutaxassislar shartnoma asosida qayta tayyorlanadi

Turizm sohasi subyektlari mutaxassislari shartnoma asosida qayta tayyorlanadi va malakasi oshiriladi.

Har yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo davlatlarning 100 nafar iqtidorli mutaxassislariga Akademiyaning qayta tayyorlash va malaka oshirish o‘quv dasturlarida ta’lim olish uchun maxsus grant ajratiladi.


Bino va inshootlarning zilzilabardoshligi bo‘yicha talablar kuchaytiriladi

Hukumat “Bino va inshootlarning zilzilabardoshligini oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarorni qabul qilgan.

Hujjat bilan, 1-dekabrdan zilzilalar kuchini ko‘rsatib beruvchi mintaqaviy akselerogrammalar bazalaridan kelib chiqib loyihalashtirish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.


NNTlarga elektron idoralararo hamkorlikka ruxsat beriladi

Nodavlat notijorat tashkilotlariga “Raqamli hukumat” tizimining Idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali belgilangan tartibda elektron idoralararo hamkorlikni amalga oshirishga ruxsat beriladi.


Nodavlat sud ekspertlariga mustaqil faoliyat huquqi beriladi

1-dekabrdan nodavlat sud ekspertlariga yakka tartibda sud-ekspertlik byurosi shaklida faoliyat yuritish huquqi beriladi.

15-dekabrdan shaxslar uchun X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertizasi markaziga ekspertiza tadqiqotlari o‘tkazish bo‘yicha “Sud-ekspert” portali orqali onlayn murojaat qilish imkoniyati yaratiladi.


Normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi

Fuqarolar, advokatlar, yuristlar, sudyalar uchun normativ-huquqiy hujjatlarni tahlil qilish platformasi ishga tushiriladi.

Yil yakunigacha sud hujjatlarini avtomatik tayyorlash maxsus axborot dasturi yaratiladi.


Yer ijarasi bo‘yicha onlayn xizmatlar ishga tushadi

1-dekabrdan Agroportalda ikkilamchi ijaraga beriladigan yerlarni belgilash, ijara shartnomasini tuzish, davlat ro‘yxatdan o‘tkazish va to‘lovlarni amalga oshirish xizmat turlari joriy qilinadi.


Olmaota-Toshkent tezyurar poyezdi har kuni qatnay boshlaydi

Qozog‘iston temir yo‘li Olmaota-Toshkent-Olmaota poyezdi qatnovlari chastotasini oshiradi. 14-dekabrdan boshlab Tulpar-Talgo poyezdlari shaharlar o‘rtasida har kuni qatnay boshlaydi.

Hozirda tezyurar poyezdlar kunora — dushanba, chorshanba, juma va yakshanba yoki seshanba, payshanba va shanba kunlari harakatlanadi.

Yo‘nalishda 400 dan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan yuqori qulaylikdagi tarkiblardan foydalaniladi. Chiptalarni bilet.railways.kz saytida, shuningdek, temir yo‘l vokzallari chiptaxonalarida xarid qilish mumkin bo‘ladi.


Qozog‘istonning SCAT aviakompaniyasi Turkistondan Urganch, Samarqand va Buxoroga aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yadi

Hazrat Sulton xalqaro aeroportidan Urganchga parvozlar 1-dekabrdan boshlanadi. Kompaniya 2-dekabrdan Buxoroga, 3-dekabrdan esa Samarqandga parvozlarni amalga oshirishni boshlaydi.

Uchala yo‘nalishda ham parvozlar Bombardier CRJ-200 samolyotlarida amalga oshiriladi.