Qozog‘iston temir yo‘li Olmaota-Toshkent-Olmaota poyezdi qatnovlari chastotasini oshiradi. Bu haqda temir yo‘llari operatori matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, 14 dekabrdan boshlab Tulpar-Talgo poyezdlari shaharlar o‘rtasida har kuni qatnay boshlaydi.
Hozirda tezyurar poyezdlar kunora — haftasiga qarab dushanba, chorshanba, juma va yakshanba yoki seshanba, payshanba va shanba kunlari qatnaydi.
“Kundalik jadval harakat barqarorligini ta’minlaydi va sayohatlarni moslashuvchan rejalashtirish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi QTY.
Yo‘nalishda 400 dan ortiq yo‘lovchiga mo‘ljallangan yuqori qulaylikdagi tarkiblardan foydalaniladi. Chiptalarni bilet.railways.kz saytida, shuningdek, temir yo‘l vokzallari chiptaxonalarida xarid qilish mumkin bo‘ladi.
O‘tgan yil noyabrida Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida davlatlararo turistik poyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingandi.
Ipak yo‘li temir yo‘l sayohati Qozog‘iston temir yo‘llari tarkibiga kiruvchi Yo‘lovchi tashish kompaniyasi tomonidan turoperatorlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan.
Mazkur sayohat Olmaota-Turkiston-Toshkent-Olmaota yo‘nalishi bo‘ylab o‘tadi va to‘rt kun davom etadi.
Birinchi reys 16-noyabr, shanba kuni yo‘lga chiqishi, sayohat davomida tur ishtirokchilari Turkiston va Toshkentning bir qator diqqatga sazovor joylari, jumladan, qadimiy O‘tror (Otyrar) shahri bilan tanishishlari mumkinligi qayd etilgandi.
Avvalroq Chexxiyaning Škoda Group xoldingi O‘zbekistonda temir yo‘l transporti ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishi haqida xabar berilgandi.
Qo‘shma korxona transport vositalariga texnik xizmat ko‘rsatish va taʼmirlash ishlari bilan ham shug‘ullanadi. Shuningdek, mahalliy mutaxassislarni tayyorlash uchun akademiya tashkil etadi.
