Avvalroq prezidentning O‘zbekistonda moliyaviy texnologiyalar sohasini rivojlantirishga qaratilgan qarori qabul qilingani haqida xabar berilgandi. Hujjat bilan Markaziy bank huzurida ustav fondi $50 mlnlik venchur fond tashkil etiladi.
Qaror bilan, Markaziy bank boshqaruvi raisi Timur Ishmetovga 2026-yil 1-fevralga qadar jismoniy shaxslar uchun Tezkor to‘lovlar tizimida o‘zlarining bank hisobvaraqlari orqali real vaqt rejimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘tkazmalarni amalga oshirish imkoniyatini yaratish topshirildi.
2025−2026 yillarda moliyaviy texnologiyalar sohasini qo‘llab-quvvatlash dasturiga ko‘ra, fuqarolar mobil raqamdan foydalangan holda bank hisobvaraqlaridan Tezkor to‘lovlar tizimida pul o‘tkazmalarini yuborishlari mumkin bo‘ladi.
Regulyator Tezkor to‘lovlar tizimida jismoniy shaxslar o‘rtasida P2P o‘tkazmalarini amalga oshirish imkoniyatini ta’minlashi va uni to‘lov xizmatlarini ko‘rsatuvchilarga OpenAPI ko‘rinishida taqdim etishi kerak.
Joriy yilning aprel oyida Markaziy bankning To‘lov tizimlari departamenti direktori o‘rinbosari Miraziz Mirhayotov regulyatorning jismoniy shaxslarni hozirda yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar foydalanayotgan Tezkor to‘lovlar tizimiga ulash bo‘yicha “rejalari bor"ligini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bunday tizimning yaratilishi ijtimoiy sohaga yo‘naltiriladi.
Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda biznesga kecha-yu kunduz hisob-kitob qilish imkonini beruvchi Tezkor to‘lovlar tizimi orqali 917,9 trln so‘mlik 47,6 mln tranzaksiya amalga oshirilgan. Ikkala ko‘rsatkich ham 2023-yilga nisbatan yarmidan ko‘proqqa oshgan.
Avvalroq Spot O‘zbekistonda 2026-yilda naqd pulsiz to‘lovlar uchun universal QR-kodlar joriy etilishi haqida yozgandi.
