Elektron sigaretalarni o‘tkazganlik uchun javobgarlik belgilandi. Bu haqdagi tegishli qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi.
Jumladan, Jinoyat kodeksiga o‘zgartirishlar kiritildi. O‘zbekistonda elektron sigaretalarni tayyorlash, olish, saqlash, tashish o‘tkazish, ishlab chiqarish, mamlakatga olib kirish yoki undan olib chiqish — jinoyat sifatida baholanadi.
Bunday holat uchun BHMning 300 baravaridan 500 baravarigacha (123,6 mln so‘mdan 206 mln so‘mgacha) jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari tayinlanishi mumkin.
Shuningdek, 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi ham belgilangan.
Bunda ushbu harakatlarni sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida hokimiyat organlariga arz qilsa va muomalasi taqiqlangan mahsulotlarni topshirsa javobgarlikdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari “Alkogol va tamaki mahsulotlarining tarqatilishini hamda isteʼmol qilinishini cheklash to‘g‘risida"gi qonun da elektron sigaretalar va ular uchun suyuqliklarning aylanishiga doir taqiq belgilandi.
Joriy yilning aprel oyida senat elektron sigaretalar muomalasini taqiqlash to‘g‘risidagi qonunni ma’qullagandi. Unda tamaki mahsulotlari hamda nikotinni iste’mol qilish moslamalarining noqonuniy muomalasi uchun 75 mln so‘mgacha jarima qo‘llanilishi belgilangandi.
Spot, avvalroq, keyingi yilda alkogol va tamaki mahsulotlari uchun aksiz solig‘i qanday bo‘lishi haqida yozgandi.
